Yoshlar uchun ochiq dars

“Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birgalikda quramiz, 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi, yoshlar orasida “Men sizning yoningizda turib, kamarbasta bo‘laman!” - deya ko‘zi yonib turgan bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. Yetakchilikning, o‘z ortidan ergashishning eng to‘g‘ri yo‘li shaxsiy o‘rnak va namuna bo‘lishdir.” Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlarga qarata ana shunday so‘zlar bilan murojaat qilganlari yodimizda.

TIQXMMIning Madaniyat saroyida Prezidentimizning 27 dekabr kuni Muhammad al - Xorazmiy nomidagi ijod maktabidagi yoshlar bilan uchrashuvlaridagi nutqi hamda 24 yanvardagi xalqimizga Murojaatnomasini targ‘ib qilishga qaratilgan, yoshlarning liderlik mahorati, yetakchilik salohiyati nuqtai nazaridan tashkil etilgan "OChIQ DARS" teleko‘rsatuvi "YoShLAR" televizion kanalining ijodiy va texnik guruhi tomonidan joriy yilning 6 fevral kuni yozib olindi. Institutimizning iqtidorli talaba va professor o‘qituvchilari ishtirok etgan ushbu ochiq darsda filologiya fanlari nomzodi R. Jumaniyozov yuqoridagi mavzu yuzasidan kasbiy faoliyatda, ta’lim va tarbiya, muloqot va muomala jarayonida hamda boshqaruv mexanizmida nutq madaniyatining o‘rni, ta’limning sifati va samarasini belgilovchi muhim omil notiqlik san’atining ahamiyati borasida taqdimot dasturi orqali dars mashg‘ulotlari olib bordi.

Tashabbuskorlik va tashkilotchilik namunasi sifatida aynan o‘zimizning ta’lim muassasamizda o‘tkazilgan ochiq dars talaba va magistrantlarga birdek ma’qul keldi. Murojaatnomaning targ‘iboti bo‘yicha jamoamizning faoliyatini ko‘rsatish o‘rnida bu harakat qimmatli ekanligi aniq.

Sharq mutafakkiri Kaykovus o‘zining "Qobusnoma"sida "Insondagi hamma qobiliyatlardan eng yaxshisi nutq qobiliyatidir"- deb, atoqli adib Skilef "Chiroyli gapirib bilish pul, hokimiyat va mashhurlikdan qimmatroqdir. Chunki ularning barchasiga chiroyli gapirib bilish evaziga erishiladi", siyosatshunos Vebster "Mendan hamma narsani oling, uy-joy, mulk, mashina, menga faqat so‘zlash qobiliyatini qoldirsangiz bas. Yo‘qotgan narsalarimni o‘n baravar qilib qaytarib olaman,"  Chonsi M. Depyu "Hech bir qobiliyat insonni jamiyat tomonidan zudlik bilan tan olinishi va yuqori mavqelarga erishishida notiqlikdek imkon bera olmaydi" - deya bejiz yozishmagan. Xoh tinchlik, xoh urush sharoitida bo‘lsin, kuchli notiqlarning nutqi, voizlarning va’zi chorlov ohangida, da’vatkorona tarzda bo‘lgan. Xalqni ruhlantirgan, safarbar etgan.

Bugungi tahlikali zamonda, globallashuv davrida, ayniqsa, g‘oyalar kurashi keskin tus olgan paytda mazmundor mohiyatga ega nutq ham, mahoratli, fikri teran, so‘zga chechan notiqlar ham suvdek, havodek zarur. Chunki asosli, hayotiy, samarali targ‘ibot va tashviqotgina xalqni ishontiradi, ruhlantiradi, ulug‘ va qutlug‘ maqsadlar sari ilhomlantiradi. Aks holda, dushman undan ustomonlik bilan foydalanib omma ongini zaharlashi, turli oqimlar tomon og‘dirishi, asosiy maqsaddan chalg‘itishi, yo‘ldan ozdirishi hech gap emas. Jangda sen dushmanni otmasang, u seni otadi. Bu oddiy mantiq. Notiqlik mahoratidan unumli foydalana olsak, biz hamisha g‘olibmiz.  Hozirgi zamonda xalq qalbi va ongi uchun kurash ketayotgan paytda muhim mafkuraviy qurol - notiqlik mahoratini chuqur egallashimiz kerak. Ushbu jaholatga qarshi ma’rifat yarog‘idan, mafkuraviy mexanizmdan ayniqsa, yoshlar to‘la va to‘g‘ri foydalana olishi kerak. Shuning uchun ham Prezidentimiz nutq madaniyati va notiqlik mahoratini shunchaki muloqot va muomala manbai emas, balki ma’rifat va ma’naviyatning, targ‘ibot va tashviqotning quroli sifatida his etib, bundan foydalana olish milliy g‘oyamiz himoyasiga daxldor ekanini uqtirayotgan bo‘lsalar ajab emas. Chunki g‘oyamiz - himoyamiz, himoyamiz esa g‘oyamizdir. Bu esa mafkuraning mayog‘i, g‘oyamizning bayrog‘i va yarog‘i notiqlik mahoratini egallash bilan amalga oshadi.

Prezident o‘z nutqlarida ma’rifatparvar adib Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. Sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, - degan so‘zlarini ham bejiz eslatmadilar. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom avlod barkamol bo‘lganidek, xulqiy va nutqiy madaniyatga ega bo‘lgan inson komil inson sanaladi.

Prezidentimiz nutq madaniyati va notiqlik mahorati masalasini kun tartibiga chiqargunlariga qadar poydevorni qurib qo‘ygandilar. 2019 yilning 4 oktyabr kunidagi qabul qilgan qarori, 21 oktyabr kuni "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni, ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kun - 21 oktyabr sanasi "O‘zbek tili bayrami kuni" deb e’lon qilishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasida davlat tilini rivojlantirish departamenti va atamalar komissiyasini tashkil etishlari, badiiy so‘z ustalari va insholar tanlovini o‘tkazish haqidagi tashabbuslari ana shu maqsadli harakatning kafolatidir. Hamma gap nutq madaniyati, tushuntirish usuli, targ‘ibot va tashviqot shakllarida. Buni chuqur egallamasak, ildamlik ham, ish unumi, istiqbolli rejalar ham amalga oshmaydi, dilxiraliklar sodir bo‘laveradi, xolos.

Tadbir yaqin kunlarda oynai jahon orqali namoyish qilinadi.

Institut GIM fakulteti “Gumanitar”fanlar kafedrasi assistenti Bahriddin Muqimov axboroti

Institut matbuot xizmati