TIQXMMIning bir guruh faollari Mo‘ynoq safarida bo‘lib qaytishdi.

Avval xabar berganimizdek, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining bir guruh faollari Viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston ekologik partiyasi hamda boshqa qator tashkilotlar tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «Mo‘ynoqqa madad» ekologik xayriya velomarafonining yakuniy bosqichi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar hamda 5-iyun “Butunjahon atrof-muhit muhofazasi kuni”ga bag‘ishlab tashkil etilayotgan xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi tomon yo‘l olishgandi. Safar davomida ishtirokchilar 4 iyun kuni  «Mo‘ynoqqa madad» ekologik xayriya velomarafoni qatnashchilarini kutib olish maqsadida Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdilar.

Ushbu tadbirlarning yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, muhtaram yurtboshimiz taklifiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiyaning qabul qilinishi orolbo‘yi hududini yanada rivojlantirish yangi texnologiyalar, innovatsiyalarni joriy etish borasida o‘rganishlar olib borishdan iboratdir. Ishtirokchilar shu maqsadlarga qaratilgan “Orol dengizi, innovatsiyalar, yoshlar va hamkorlik” mavzusidagi xalqaro yoshlar konferinsiyasida ishtirok etishdi va bir qancha chet ellik tengdoshlari bilan muloqotlar olib borib o‘zaro tajriba almashdilar. Shundan so‘ng, butun respublika bo‘ylab o‘tgan ekologik xayriya velomarafoni qatnashchilari oxirgi finish chizig‘ida tantanali ravishda kutib olindi.

 Kutib olish jarayoni yakuniga yetgach ishtirokchilar kemalar qabristoniga tashrif buyurdilar. Darhaqiqat aytish joizki, “bu yerlarda bir paytlar dengiz bo‘lganiga ishonging kelmaydi”. Kunduzgi tadbirlar o‘z yakuniga yetgach, ishtirokchilar ekologik xayriya velomarafoni qatnashchilarini taqdirlash marosimida qatnashish uchun Mo‘ynoq tumani markazida joylashgan amfiteatrga tashrif buyurdilar. Taqdirlash marosimi ko‘tarinki kayfiyatda konsert dasturlari bilan hamohang tarzda bo‘lib o‘tdi. Albatta ushbu tadbir barchaga birdek manzur bo‘lib, madaniy xordiq ulashdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

5 iyun “Butunjahon atrof-muhit muhofazasi kuni”.  Ishtirokchilar ushbu kunga bag‘ishlab Nukus shahrida o‘tkazilgan “Rivojlanayotgan Orolbo‘yi mintaqasi dunyo hamjamiyati nigohida" mavzuidagi halqaro anjumanda faol ishtirok etishdi. Ta’kidlash joizki, albatta bunday amaliy tadbirlar aholini ayniqsa yosh avlodni ekologik madaniyatini yuksaltirish, ona tabiatga extiyotkorona munosabatda bo‘lish hamda ekologik muammolarni oldini olish va uni bartaraf etish borasida katta ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildiramiz.

 

TIQXMMI matbuot xizmati