Qo‘shma o‘quv markaz tantanali ochildi
Tajribali, bilimli va salohiyatli mutaxassis doimo yurt e’tiborida bo‘lishi tayin. Shu bois hammasini kadrlar hal etadi degan fikr bejiz emas. Bu jamiyatning ijtimoiy asoslariga, mamlakat taraqqiyotiga daxldor masaladir. Xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida o‘zining ilmiy-nazariy va amaliy ko‘nikmasiga ega bo‘lgan kadr doimo zarur bo‘lishi oynadek ravshan....
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qishloq va suv xo‘jaligi uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda eng yirik ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ishlab chiqarish, jumladan, qishloq xo‘jaligi ham doimo zamonaviy texnika va texnologiyalar asosida rivojlanib boradi.
Hozirda O‘zbekistonda ham qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnika va texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Bu o‘z navbatida mazkur texnika va texnologiyalar bilan ishlay oladigan muhandis-kadrlar tayyorlashni talab etadi. Bu borada bizga nafaqat AQShda, balki butun dunyoda o‘z ilg‘or texnologiyalari va zamonaviy texnikalari bilan taniqli bo‘lgan John Deere kompaniyasi hamkorlik qo‘lini cho‘zdi. John Deere kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy dileri “Landtech” qo‘shma korxonasi bilan memorandum imzolanib, bu maqsadga erishish yo‘lida amaliy ishlar boshlandi. Shuning natijasi o‘laroq, joriy yilning 6 sentyabr kuni Institutimiz V-o‘quv binosida kompaniyaning o‘quv markazi va texnikalarga boy paviloni foydalanishga topshirildi.
Bu tadbirda, rektor prof. O‘ktam Pardayevich Umurzakov, prorektorlar Bahodir Suyunovich Mirzayev, Toxirjon Zokirovich Sultanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri – Inomjon Urishevich Majidov, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ raisi – Nodir Sobirovich Atadjanov, AQShning O‘zbekistondagi elchisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari –Erik Salsman, John Deere kompaniyasi CISEG GROUP rahbari –Jeyson Xant, John Deere kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy dileri “Landtech” qo‘shma korxonasi texnik direktori – Neal Kinsey va boshqalar ishtirok etishdi.
QXM fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari H. Boymatov axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari R. Jumaniyozov