Innovatsiyalar – qishloq xo‘jaligi rivoji uchun.
Innovatsiyalarni hayotga joriy etish aholi turmush farovonligini oshirish va mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishdagi muhim amaliy vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada olib borilayotgan ishlar albatta, ilm-fan yutuqlarini xalq xo‘jaligining turli sohalariga tadbiq etishda etakchi novator olimlarning sa’y-harakatlari muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Elektrotexnologiyalar va elektr jihozlaridan foydalanish kafedrasi” doktoranti A.Bokiyev va tayanch doktoranti N.Nuraliyevalar tomonidan ishlab chiqilgan “Quyosh-shamol” mobil elektr stansiyasi hamda “O‘simliklarga purkab ishlov beruvchi mobil elektromexanik qurilma”ning taqdimoti 2021 yil 5-oktyabr kuni institut hovlisida bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Muqobil yonilg‘i va energiya korxonalari assotsiatsiyasi, Toshkent davlat agrar universiteti, “Mir SOLAR” MChJ hamda institut vakillari ishtirok etishdi. Taqdimot davomida ushbu ikki qurilmaning amaliy ahamiyati, qo‘llanish sohalari va texnik ko‘rsatgichlari haqida novator olimlarimiz ishtirokchilarga ma’lumotlar berib o‘tishdi. Albatta, shu joyning o‘zida har ikkala qurilmaning ishlash prinsiplari bevosita ularni ishchi holatida ko‘rsatib berildi.
Bulardan “Quyosh-shamol” mobil elektr stansiyasi qishloq xo‘jalik maxsulotlarini etishtirish, qayta ishlash, saqlash, qishloq xo‘jaligi suv ta’minoti, chorvachilik sohalarida qo‘llanilib, markazlashgan elektr ta’minoti tizimidan olis xududlarda elektr ta’minotini yaxshilash, qishloq xo‘jalik texnikalarini bosqichma-bosqich ekologik toza - elektr yuritmaga o‘tkazish, ularni bevosita dalaning o‘zida zaryadlash imkoniyatlarini yaratib bersa, “O‘simliklarga purkab ishlov beruvchi mobil elektromexanik qurilma” esa dehqonchilik, bog‘dorchilik va pillachilik sohalarida foydalanib, O‘zbekiston sharoitida o‘simliklarga suyuqlik bilan ishlov berishning innovatsion resurs tejamkor texnika va texnologiyalarni keng joriy etishda dadil qadam bo‘ldi. Tadbir so‘nggida, ishtirokchilar tomonidan bu ikki ishlanmaning muvaffaqiyati va kelajagi haqida iliq fikrlar bildirilib o‘tildi.
TIQXMMI matbuot xizmati