OLIY TAʼLIM MUASSASALARINING REYTINGGI EʼLON QILINDI
Bugun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida kengaytirilgan tarkibda hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov raislik qildi.
Yigʻilishda oliy taʼlim muassasalarining 2019-yil 1-yanvar holatiga reytingi eʼlon qilindi.
Xalqaro tajribaga muvofiq takomillashtirilgan indikatorlar asosida joriy yilning fevral-iyun oylarida respublikaning 57 ta oliy taʼlim muassasalari (filiallari bilan birga) faoliyati tahlil qilindi va 2019-yil 1-yanvar holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi:
1. Gumanitar va iqtisodiy sohada Oʻzbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti; Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti yetakchi oʻrinlarni egallagan.
Shuningdek, ushbu sohada Toshkent moliya instituti, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti avvalgi yilga nisbatan yuqori pogʻonalarga koʻtarilgan.
2. Texnika va qishloq xoʻjaligi sohasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari instituti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi oʻrinlarni egalladi.
Ushbu sohada Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti faol harakat qilib milliy reytingda birinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek Toshkent davlat agrar universiteti 12-oʻrindan 6-oʻringa koʻtarildi.
3. Tibbiyot sohasida Toshkent stomatologiya instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti yetakchi oʻrinlarni egalladi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti esa soʻnggi oʻrinlarni egalladi.
Mazkur sohada Buxoro davlat tibbiyot instituti oʻtgan yilgi reytingdagi 43-oʻrindan yuqoriga koʻtarilib, 16-oʻringa chiqdi.
4. Madaniyat, sanʼat va sport sohasida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Milliy rassomchilik va dizayn instituti yetakchi oʻrinlarni egallashdi. Ushbu OTMlar oʻtgan yili eng oxirgi 10talikka tushgan edi. Joriy reytingda ushbu oliy taʼlim muassasalari faoliyatida keskin oʻzgarish roʻy berib mos ravishda 24- va 29-oʻrinlarga chiqib oldi.
Umumiy reytingda Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari instituti yetakchi oʻrinlarni egallashdi.
Shu bilan birga, ilmiy salohiyati boʻyicha Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Samarqand davlat universiteti yetakchi oʻrinlarda.
Eng koʻp xorijiy professor-oʻqituvchilar Toshkent tibbiyot akademiyasi, Oʻzbekiston milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida faoliyat olib bormoqda.
Talabalar bilimi boʻyicha eng yuqori natijalarni Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Navoiy davlat konchilik instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Urganch davlat universiteti egalladi.
Eng koʻp ish beruvchilar bahosini toʻplagan OTMlarga Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent moliya instituti kiradi.
Ish beruvchilar tomonidan “Bitiruvchilarning bilim darajasi va amaliy koʻnikmasi”ga 72%, “OTMning ish beruvchilar bilan hamkorlik darajasi”ga 65%, “Bitiruvchilarning kelgusida oʻsish imkoniyatlari”ga 75%, “OTMlarning kadrlar tayyorlash sifatiga” 69% ijobiy javob berilgan. Shuningdek, 94% ish beruvchilar kelgusida milliy OTMlarimiz bitiruvchilarini ishga qabul qilishini bildirgan.
Kelgusida reyting natijalarini tahlil qilish asosida OTMlarni xalqaro reytingga kiritish boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasi ishlab chiqiladi. Bunda milliy reytingda dastlabki 10 talikka kirgan OTMlar orasidan kelgusida dunyo reytingiga kiritish mumkin boʻlgan OTMlar haqida tahliliy maʼlumotlar tayyorlanadi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Reyting natijalari asosida mahalliy OTMlardan 5 tasini QS, THE kabi xalqaro reyting agentliklarining roʻyxatiga kiritish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash haqida OOʻMTVga taklif beriladi. Bu oʻz oʻrnida milliy OTMlarimizni dunyo universitetlari reytingiga chiqishiga dastlabki qadam boʻlib xizmat qiladi.
Manba: edu.uz