Navoiyning navosidan nurlanib
Har bir zamon, makon va inson ehtiyojlariga monand haqiqatni ayta bilish, umuminsoniy g‘oyalarni tarannum etish, yuksak iste’dod egalariga xos bo‘ladi. Shubhasizki, Birinchi Prezidentimiz e’tirof etganlaridek, “mutafakkirlarning mutafakkiri, avliyolarning avliyosi, shoirlarning sultoni” bo‘lgan Alisher Navoiy ana shunday nisbatga loyiqdir.
Institutimizda 8 fevral kuni hazrat Navoiyning 578 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ma’naviy tadbirda xuddi shu ruh hukmron bo‘ldi. “Tillar” kafedrasining dotsenti Komila Rahimova va “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetining yoshlar bo‘yicha dekan muovini Jamshid Turdiyevlarning tashkilotchiligida tayyorlangan ma’rifiy tadbir ma’naviyatga oshna, ma’rifatga tashna pedagog va talabalarga birdek ma’qul keldi desak xato bo‘lmaydi.
Hazrat Navoiyga ehtirom yo‘sinida o‘tkazilgan xuddi shu nomdagi ma’rifiy tadbir buyuk mutafakkir Alisher Navoyning 578 yilligiga bag‘ishlandi. Unda Muqimiy nomli O‘zbek davlat musiqali drama teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov, mahoratli, maftunkor aktrisa Ma’rifatxon Ortiqova, teatrning matbuot kotibi Feruzaxon Xoliqovalar ishtirok etib institut jamoasiga zavq ulashdilar.
Navoiyning dahosi va zakosiga ta’zim mazmunidagi ma’ruza bilan dastavval, institutning yoshlar bo‘yicha prorektori Qodirjon Shovvazov chiqish qildilar. So‘ngra O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizovga so‘z berildi. Ular hazrat Navoiyning ijodiyoti va ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni borasida to‘xtalib, allomalardan biri Navoiy, Shekspir, Gyote, Pushkin dunyoning to‘rt ustuni deb e’tirof etganining bejiz emasligini uqtirib o‘tdi.
Institut talabalarining sahnaviy ko‘rinishlari va diltortar qo‘shiqlari, Navoiy she’riyatidan ayrim namunalarni o‘zbek, fors, rus, nemis va ingliz tillarida o‘qishlari tadbirga katta mazmun baxsh etdi.
Mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan katta kuch bo‘lgan ayni damlarda mumtoz merosimiz durdonalari, xususan Navoiy nazmi va nasri alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlash o‘rinlidir.
Prezidentimiz parlamentga, Oliy Majlisga murojaatlarida buyuk muhaddis alloma Imom Buxoriyning “Jome’ us-sahih” hadislar majmuasidagi amallar niyatlarga yarasha bo‘ladi mazmunidagi hikmatini keltira turib taraqqiyparvar insoniyat uchun ikki muhim tushuncha - sog‘lik va tinchlikni muqaddas tutish zarurligini uqtirganlari bejiz emas. Bundan salkam olti asr oldin Alisher Navoiyning xuddi shu mazmundagi bongi, qalb nidosiga e’tibor qiling.
Olam ahli, bilingizkim ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir – biringizg‘akim, erur yorlig‘ ish.
Tinchlik uchun kurashish yorlig‘ ish ekanini Navoiy hazratlari jahon ahliga qarata aytayotgani ahamiyatlidir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assambleyasining 72 – sessiyasida Oliy minbardan turib butun dunyo mamlakatlarini tinchlik uchun kurashishda hamjihatlikka chaqirganlari Navoiy da’vatlariga hamohanglik kasb etishi ulug‘ ajdodlarimizning qutlug‘ ishlariga sadoqat tuyg‘usidandir.
Inson kamoloti, shaxs ma’naviyati, ta’lim va tarbiyasi,komil inson konsepsiyasiga munosabat ham hazrat Navoiy ijodiyotida alohida o‘rin tutadi. Komillik, aslida, el – yurt hurmat-e’tibori uning dardu tashvishlariga, g‘amu alamlariga malhamlik bilan belgilanadi. Xalqning aqlu idroki kuch u qudrati yaratganning inoyati. Shuning uchun ham Navoiy ijodiyotida elparvarlik tuyg‘usi ustun. O‘z hikmatlaridan birida “Agar el qilmadi himoyat sanga, O‘zingdan kerakdur shikoyat sanga” deya bejiz yozmagan. El himoyasi uning g‘oyasi va maqsadlarini qadrlash bilan uzviy bog‘liqligini shoir haqli e’tirof etadi.
Uning ushbu mashhur qit’asida komillik g‘oyasi chiroyli tarzda, tashbehona ifoda bilan aks etgan.
Kamol et kasbkim olam uyidin
Senga farz o‘lmagay g‘amnok chiqmoq
Olamdin notamom o‘tmak biaynih
Erur olamdin nopok chiqmoq.
Dunyoga kelishdan maqsad ilm olish va el manfaati uchun kuyunishdir.Insonning ta’lim va tarbiyasi uning kamolotini belgilovchi omildir. O‘zini komillik sari tayyorlash avvalombor ilmu odob uyg‘unligi bilan ekanini ta’sirchan tarzda ifoda etadi shoir. Jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lgan insonning o‘zligini topish uchun intilishi muhim. El netib topgay menikim men o‘zimni topmasam, deb yozadi Navoiy.
Odami ersang, demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Alisher Navoiyning ushbushohbaytini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev majlislarda, turli uchrashuv va yig‘inlarda alohida ehtirom va urg‘u bilan yodga oladilar. Chunki, xalq bilan muloqot, inson manfaatlari, tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar hamda investitsion faoliyat ham bevosita yuqoridagi misralar mazmuni bilan hamohangdir.
“Inson o‘zgarmasa jamiyat o‘zgarmaydi”, - deydi Prezidentimiz. O‘zligini topgan insongina chinakam baxtli bo‘ladi.
Navoiy ijodiyoti, g‘oyalarining zamonaviy ahamiyati, qimmati degan masalaga yanada yaqinroq bo‘lish, ularni idrok hamda targ‘ib etish imkoniyati va zaruratini tug‘diradi. Hayotimizda muhim bo‘lgan islohotlar amalga oshirilmoqda; ilm-fanga yangicha munosabatlar zarurligi alohida ta’kidlanayapti. Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasining tashkil etilishi, umuman, Islom insoniyatning umumbashariy qadriyatlari shakllanishidagi bosh omillardan biri bo‘lganiga va u kelgusida ham insoniyat taraqqiyotida hamda tinchligida, shubhasiz, muhim o‘rin tutajagi, Prezidentimiz eng yuksak minbarlardan turib xalqaro miqyosdagi e’tiborni tortishi, bu, o‘zbek xalqi, millatining nufuzi jahon miqyosida ko‘tarilib borayotgani va tan olinayotganidan bir mujdadir. Mana shu va XX asrning boshqa ko‘pdan-ko‘p muammolari o‘rganilishi, hayotga teran hamda ta’sirchan singdirilishida Navoiy asarlari, qahramonlari, g‘oyalari biz bilan, zamonamiz bilan kamarbastadir.
Bugungi kunning o‘tkir va global muammolariga javob topishda aynan Navoiy asarlari yordamga kela oladi.Ulug‘ bobomiz o‘z hisobidan “Ixlosiya” va “Nizomiya” madrasalari, “Shifoiya” tibbiygohi, o‘nlab ko‘priklar, rabotlar qurib bergani, yuz-yuzlab ilm toliblarini moddiy madad, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlab turgani jahon miqyosidagi ulkan sarmoyadorlarga, hatto, o‘zimizdagi yangi mulkdorlarga ibrat emasmi?!
Buyuk “Xamsa”dan tortib, boshqa barcha asarlaridagi dinu diyonat va dunyoviy maqsadlarga uyg‘un gumanizm hamda yuksak axloqni tarannum etuvchi manzumalari; “Hayrat ul-abror”dagi inson va yashamoq mohiyatining yuksak falsafiy tarannumi, o‘z davridagi dardli muammolarning go‘zal badiiy yechimlari bizning zamonimiz uchun ham taalluqli bo‘la oladi.
Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganish, targ‘ib etish, bu masalalarga davlat miqyosidagi e’tibor, nashrlar haqida g‘ururlansak arziydigan ishlarimiz oz emas. Yaponiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya kabi davlatlarda ulug‘ Navoiyning buyuk haykalining qad rostlashi hamkorlik va hamjihatlikka bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Biz ijtimoiyot, madaniyat, iqtisodiyot, siyosatning barcha sohasida Vatan o‘rtaga qo‘yayotgan talablarni amalga oshirgan holda, Navoiyni chuqur va teran tushuna olsakkina, buyuk millat bo‘la olamiz.
Gap bu o‘rinda Navoiy asarlaridagi mahorat va qudrat go‘zalligini keng kitobxonlar ommasi tomonidan o‘zlashtira olish zarurati haqida bormoqda. Navoiyga munosabatda mana shu muammoga alohida e’tibor berilmas ekan, ahvol eskiligicha qolaverishi mumkin. Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan qarori boshqa muhim vazifalar qatori mana shunday masalalarga ham e’tibor berishga undaydi.
Uning umuminsoniy g‘oyalari makon va zamon tanlamaydi. Hazrat Navoiy ijodiyotini o‘rganish – ajdodlar ruhini shod etish, mumtoz merosimizga ixlos va e’tiqod bilan qarash, vatanparvarlik tuyg‘usini qalbda junbush urishi demakdir.
Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov