Nafosat va nazokat timsollariga bag‘ishlandi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidagi Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tabrigi va tadbiri yuqori saviyada, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Buning boisi ta’lim muassasamizda xotin-qizlarga e’tiborning yuksak darajada ekani, davlatimiz rahbarining rahnamoligidagi Gender tengligining amaldagi ifodasining nishonasi ekani bilan izohlanadi.

Anvoyi gullar bilan ziynatlangan madaniyat saroyiga kirganingiz zahoti bayram shukuhini his etasiz.  Muhtasham zalning sahnasiga boshlovchilar - ikkita yigit va ikkita qiz musiqa sadolari ostida chiqib kelishadi. O‘zlarinig xotin qizlarga baxshida bo‘lgan samimiy tilaklarini bildirib, she’rlar o‘qishadi. So‘ngra kamoli ehtirom bilan tantanavor ohangda Respublika Oliy ta’lim kengashining raisi, institutimiz rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevichni mikrofon qarshisiga taklif etishdi.

Rektor o‘zlarining tabrik so‘zlarini boshlarkan,  "men raqamlar, sanalar haqida gapirmoqchi emasman, jamoamiz xotin - qizlariga samimiy niyatlarimni aytishni lozim ko‘raman" - deya ta’kidlab institutimizda faoliyat yuritayotgan ayollar va tahsil olayotgan qizlarni chin dildan tabrikladilar. Ayoldek muqaddas zoti sharifalar haqida buyuk mutafakkirlarning bergan baholari va mulohazalarini  e’tirof etganlarida zalda gulduros qarsaklar yangradi. Bayram arafasida o‘zining ishchan faoliyati bilan o‘rnak va ibrat bo‘lganlarga rektorimiz mukofot va unvonlarni taqdim etdi. Xotin-qizlarning yuzu ko‘zida nur balqib, quvonch qalqib turganini ko‘rishning o‘ziyoq zavqlidir.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, "Ma’naviy hayot" jurnalining bosh muharriri, iste’dodli shoir Eshqobil Shukurov davraga taklif etildi. Ozarbayjon adibi Voqifning "Dunyoda bitta go‘dak bor ekan, demak, kelajak bor, bittagina ayol bor ekan, muhabbat bor, bir parcha yer bor ekan, demak vatan bor" degan mulohazasini keltirish asnosida o‘z tabriklarini yetkazdi va o‘z she’rlaridan birini o‘qib berdi.

Dastur avvalida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, institutimiz professori Hojiakbar Hamidov o‘zining dilbar qo‘shiqlaridan birini ijro etdi. Shundan so‘ng taniqli san’atkorlar va institutimizning  talantli yoshlari ijrosida tuzilgan, kuy va qo‘shiqlardan tarkib topgan konsert dasturi namoyish etildi.

Jamiyatning tayanchi, oilalar suyanchi va quvonchi bo‘lgan xotin-qizlar barcha jabhalarda erkaklar bilan bir safda turib xizmatga kamarbasta bo‘lishlarining o‘zi faxr-u iftixorimiz manbaidir. Biz ularni bayramlari bilan yana bir bor muborakbod etamiz. Nafosat va nazokatning nodir va noyob timsoliy namoyandalari sifatida baxtimizga doimo sog‘-u salomat bo‘lsinlar.

 

TIQXMMI Matbuot xizmati