O‘quvchilar bilan muloqot

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning 12-13 iyun 2018 y. Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlaridan biri viloyatdagi iqtidorli o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ijodiy salohiyatlarini namoyon qilishlariga barcha sharoitlarni yaratish masalasi bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shu bilan birga 19 mart 2019 yilda Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda yoshlarning ma’naviyatini ko‘chaytirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazilishi uchun kitob o‘qishga qiziqtirish masalalari keng muhokama qilingan edi.

Qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun akademik M.M.Mirsaidov va prof. T.M. Mavlanovlar 4-6 aprel 2019 yilda Farg‘ona viloyatining qator umum ta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari bilan uchrashib, qizg‘in suhbatlar o‘tkazishdi. Fan olimpiadasi qatnashchilari va a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilarga o‘zbek klassik yozuvchi, shoirlarning va ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatovning qator kitoblarini sovg‘a qildilar. Uchrashuvlar Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi 8-chi va 29-chi maktablarning va Vodil shaharchasidagi 1-IDUMning iqtidorli o‘quvchilari bilan bo‘lib o‘tdi.

Bu uchrashuvlarda M.Mirsaidov O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati haqida va Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan e’tibori, ularga yaratilayotgan sharoitlar to‘g‘risida gapirdi. Ularni kelajakda ilm-fanning yuqori cho‘qqilarini egallab, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga chaqirdi. O‘quvchilarga kelajakda davlatimiz ravnaqi uchun faol xizmat qiladigan, yetuk mutaxasisslar bo‘lib yetishishlari uchun o‘quvchilar o‘qitilayotgan fanlarni chuqur o‘zlashtirishi, tinimsiz mehnat qilishi va har doim oldinga intilishi kerakligi haqida gapirildi.

Buni amalga oshirish uchun yoshlarimiz tinmasdan mehnat qilib, yaxshi o‘qishlari va har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun esa chet tillarini yaxshi bilishi va ko‘p kitoblarni o‘qishga harakat qilishlari kerak deb ta’kidladi. O‘quvchilar tomonidan ko‘plab savollar berildi. Bu berilgan savollardan ularning ko‘p kitob o‘qiganliklari va o‘z yoshlariga qaraganda ancha yuqori bilimga ega ekanliklari ko‘rinib turar edi. O‘quvchilar va o‘qituvchilar tomonidan berilgan barcha savollarga M.Mirsaidov to‘la javob berishga harakat qilib, qatnashuvchilarning kayfiyatini ko‘tarishga erishildi.

Uchrashuv qiziqarli tarzda, yuqori saviyada o‘tdi, bo‘lgan uchrashuvni o‘quvchilar ko‘tarinki ruh va katta ishonch bilan qabul qilishdi. Uchrashuv qatnashchilari Prezidentimizga yoshlarga yaratayotgan imkoniyatlari uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar. Bu yoshlar kelajakda Prezidentimizga munosib o‘g‘il va qizlar bo‘lib yetishishga va’da berishdi. Esdalik uchun uchrashuvda qatnashgan maktabning barcha iqtidorli o‘quvchilari va fidoyi o‘qituvchilari bilan rasmga tushildi.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov