“Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichida
Adolat va haqiqat taroziboni bo‘lish sohibqiron Amir Temurning nomini olamga yoygani, uning harb ilmida dong qozonganini bilamiz. Uning hayoti va harbiy faoliyati bilan bog‘liq juda ko‘p ma’lumotlarni bilishga intilish ham tariximizga mehr hissi bilan bog‘liq. Shunday ekan, o‘tkaziladigan tanlovlarda ana shu jihatlarga e’tibor qilinishi ham maqsadga muvofiq.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, Amir Temurning shoh asari bo‘lgan “Temur tuzuklari” kitobini sinchkovlik bilan o‘qigan va uqqan 14 nafar yosh harbiy xizmatchi o‘zaro musobaqaga kirishishdi. Mazkur bosqichda qatnashchilar “Amir Temur va bugungi zamon”, “Amir Temurning harbiy saboqlari” hamda “Amir Temur o‘gitlari bilimdoni” kabi shartlar yuzasidan qizg‘in bahs olib borishdi.
Ushbu tanlov bir nechta nufuzli tashkilotlar tomonidan tashkil etildi. Natijalarga ko‘ra “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichida mutlaq g‘oliblikni Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursanti Lochinbek Hamroqulov qo‘lga kiritdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Jizzax viloyat Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimi katta leytenant Farruxjon Abduraxmonov 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 3-o‘ringa Toshkent viloyatidan Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchisi oddiy askar Sodiq Otaboyev sazovor bo‘ldi. Tanlovda har bir ishtirokchi sohibqiron Amir Temur o‘gitlarini puxta o‘zlashtirganligi, harbiy saboqlarini chuqur anglaganligini berilgan javoblar orqali ko‘rsatishdi.
G‘oliblar va sovrindorlar diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. “Temur tuzuklari bilimdoni” degan e’tirofga sazovor bo‘lish nafaqat quvonch, faxr bag‘ishlaydi. Bu o‘z navbatida kasbiga bo‘lgan mas’uliyatini ham yanada oshiradi.
Eng muhimi, ushbu tanlovning xolisona va odillik bilan o‘tkazilishida hakamlar hay’atining raisi sifatida institutimizning “Gumanitar fanlar” kafedrasi mudiri t.f.d, professor Shohistaxon O‘ljayeva va mazkur kafedraning o‘qituvchisi Shermuhammad Ernazarovlarning roli katta bo‘lganini ta’kidlash o‘rinlidir.
“GIM” fakulteti “Gumanitar fanlar” fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti
Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov