SUVMASH” aksionerlik jamiyatida “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” kafedrasi filialining ochilishi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning shu yilning 24 may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida respublikamizdagi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot institutlari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamda Toshkent qishloq xo‘jaligi mashinasozlik zavodida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda oliy ta’lim bilan ilmiy tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi integratsiyani yanada rivojlantirish masalalariga tanqidiy baho berdilar. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 iyuldagi PQ-4410-son “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni davlat tomondan qo‘llab-quvvalashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Shunga binoan suv xo‘jaligi sohasida talabalarning bilim ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida institutning “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” kafedrasi tomonidan “SUVMASH” AJ hamda kafedra o‘rtasida amaliy va nazariy bilimlar integratsiyasini jadal tarzda olib borish maqsadida kafedra tashabbusi bilan GIM kafedrasi filiali ochildi. Kafedra filiali o‘quv xonasi zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, bu yerda talabalar nazariy bilimlarga ega bo‘ladilar. Egallangan nazariy bilimlarini ular bevosita korxonaning ishlab chiqarish sexida va uning sinov laboratoriyasida amalda sinab ko‘radilar.

Tantanali tadbirda institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori t.f.d., i B.S.Mirzayev, “SUVMASH” AJ bosh direktorining birinchi o‘ribosari K.Z.Bakirov, t.n.d., professor Sh.U.Yo‘ldoshev, “SUVMASH” AJ bosh injeneri U.A.Muxamedovlar so‘zga chiqdilar.

“SUVMASH” AJ nasos va elektronasos agregatlarini ishlab chiqarish va ularni ta’mirlashga ixtisoslashtirilgan maxsus korxona bo‘lib, Respublikaning nasos va elektronasos agregatlariga ehtiyoji bo‘lgan barcha korxona va tashkilotlarga o‘z mahsulotlarini yetkazib bermoqdalar.

Ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan korxonada Xalqaro sifat menejmenti ISO 9001:2008 tadbiq qilingan bo‘lib, hozirgi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ushbu sifat sertifikati bilan ishlab chiqarilmoqda. Korxonada ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlarga O‘zstandart agentligi tomonidan muvofiqlik sertifikatlari berilgan.

Korxona O‘rta Osiyoda yagona hisoblanib, tasarrufida O‘zstandart agentligi tomonidan akkerditatsiyalangan sinov laboratoriyasiga ega bo‘lib, bu korxonada barcha ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sinovdan o‘tishini ta’minlaydi.

Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga nafaqat O‘zbekistonda, balki yaqin qo‘shni mamlakatlarda ham katta ehtiyoj mavjud.

Hozirgi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya Federatsiyasiga, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalariga eksport qilinmoqda.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari ishlab chiqarish amaliyotini shu korxonada o‘tashadi hamda institutni tamomlaganlaridan so‘ng shu korxonaga ishga joylashadilar.

“Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash ” kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi Sarvinoz Xolova axboroti
Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov