Talabalikka bag‘ishlov

Inson o‘z hayotidagi ilk quvonchli damlarni unutmaydi. Ana shunday xushnudlik chog‘laridan biri talabalikka qabul qilinib talabalik guvohnomasini qo‘lga olgan payt bo‘lsa ajab emas. Agar ana shunday tadbir poytaxtning muhtasham saroylaridan birida o‘tkazilsa, bu bir umrga yodga muhrlanishi aniq.

Joriy yilning 8 oktyabr kuni "Turkiston" san’at saroyida TIQXMMIga qabul qilingan 1 kurs talabalariga bag‘ishlov tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator nufuzli mehmonlar, institutimiz rahbariyati professor o‘qituvchilar va birinchi kurs talabalari ishtirok etishdi.

Dastavval, Markaziy Osiyoda katta nufuzga ega bo‘lgan Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga ilk qadamini qo‘yib birinchi kurs talabasi degan sharafga ega bo‘lgan yoshlar rektor O‘.Umurzakov tomonidan chin dildan qutlandi. So‘ngra esa O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Bahodir aka, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, iqtidorli shoir Sirojiddin Sayyid, O‘zekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzovlar so‘zga chiqib yoshlarni samimiy muborakbod etishdi.

Mustaqil davlatimizning barqarorligi, xalqaro maydondagi nufuzi ham mustahkam bilimi va innovatsion ixtirosi, intellektual salohiyati bilan ajralib turuvchi yoshlarning ongu shuuri, tafakkur olami, dunyoqarashini o‘stirishga daxldorligini davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Bu yil institut tashkil etilganligining 85 yilligi nishonlanadi. Institutda bakalavr ta’lim bosqichida 5540 ta, sirtqi ta’limda 321 ta, 2 – oliy ta’lim sirtqisiga 46 ta talaba, magistraturada esa 321 tasi, jami 6135 ta talaba ta’lim oladi. Ularning rahbarligida institutimiz faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan 2017 yil 24 maydagi PQ-3003-sonli “Qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun muhandis texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2018 yil 8 maydagi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3702 qarorlari kabi bir qator hujjatlarning sohamizga bevosita bog‘liq ekani, buni og‘ishmay amalga oshirish esa biz-u sizning zimmamizda ekanini, aslo unutmasligimiz kerak.

Ushbu qarorlar sohada kadrlar tayyorlash sifatini tubdan o‘zgartirish va zamon talablariga mos barkamol mutaxassislarni tayyorlash borasidagi faoliyatimizda yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Hozirgi kunda institutimizda ham ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, jahondagi ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama diplom dasturini amalga oshirish, hamkorlikda ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash tizimi izchillik bilan yo‘lga qo‘yib borilmoqda. Mazkur innovatsion hamkorlik va investitsion faoliyatlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Bunday harakatlarimizning samarasini xorij davlatlarning ilg‘or tajribalaridan keng va maqsadli foydalanish, chet el investitsiyalarini kiritish orqali ta’minlash mumkinligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda va taqozo etmoqda. Bu deyarlik barcha soha uchun muhim, ayni paytda davlatlararo hamkorlik va do‘stlik rishtasini mustahkamlashga ham zamin hozirlaydi.

Shu ikki yilning o‘zidayoq, institutimizda Yaponiya, Xitoy, Germaniya, Koreya, Rossiya, AQSh, Vengriya, Turkiya kabi xorijiy davlatlarning fan-ta’lim mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalar hamda imzolangan memorandumlar, ilmiy innovatsiyalar “Klaster” markazining ishga tushirilishi shu yo‘sindagi fikrimizning isbotidir.

Qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya sohasining taraqqiyotini ilm bilan bog‘lab o‘rgangan izlanuvchan, intellektual salohiyatli talabalar biz uchun umid va ishonch, qutlug‘ qadam va yorug‘ kelajakdir. Prezidentimizning “Ilm, izlanish bo‘lmagan joyda hech qanday, rivojlanish, yuksalish va umuman, biror bir sohaning kelajagi bo‘lmaydi”- degan qat’iy fikri va da’vatiga sadoqatli va munosib bo‘lish kerakligi ta’kidlandi. Keng miqyosda olib borilayotgan siyosat va islohotlarga faol munosabat, qishloq va suv xo‘jaligi tizimida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish ularning orzusidir. Institutda ilm va ishlab chiqarishni uzviy bog‘lagan holda ta’lim berilishi ahamiyatlidir.

Institutda ilm sirlarini egallash, bilim olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘tgan o‘quv yilida ishga tushirilgan “Kitoblar dunyosi” maxzani (do‘koni) ham talabalarning bilimini, kitobsevarlik tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Institutda o‘tkazib turiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport va intellektual musobaqalar, turli to‘garaklar ham talabalik davrining zavqli o‘tishiga zamin hozirlaydi. Chunki buning zamirida Prezident tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning ijrosi bilan bog‘liq maqsad va intilishlar borligiga shubha yo‘q.

Tadbir davomida taniqli san’atkorlar o‘zlarining diltortar taronalari va dilgir qo‘shiqlari bilan davraga fayz kiritdi.

O‘ylaymizki, talabalikka bag‘ishlov tadbiri ishtirokchilarda katta taassurot uyg‘otibgina qolmay, balki ularning hayotida yorqin iz qoldirdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov.