Teatr studiyalari tanlovi

Oliy ta’lim muassasalarining talabalar teatr studiyalari festivalini tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan Respublika tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishining birinchi bayoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi majlisining 2018 yil 8 fevraldagi 4 - sonli bayonida "Yoshlar kelajak bunyodkori" shiori ostida "Yoshlar festivallari"ni tashkil etish va o‘tkazish hamda "O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida 2019 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi"da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ta’lim muassasalar teatr studiyalari o‘rtasida musobaqa davom etmoqda. Toshkent Davlat Agrar universitetining katta zalida ikkala ta’lim muassasa talabalari o‘zlarining aktyorlik mahoratini namoyish etishdi.

Dastavval, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining "Iqtidor" teatr studiyasi tomonidan Sharof Boshbekovning "Tikansiz tipratikanlar" asari asosidagi spektakli namoyish etildi. Unda boshi berk ko‘chaga kirgan yoshlarga bois to‘qlikka sho‘xlik, maqsadni to‘g‘ri qo‘ya olmaslik, otalar yo‘l qo‘ygan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqaza olmaslik muammosi asosiy ob’ektga olindi. Iqtidorli talabalar O‘tkir (Hayitboy Qambarov), Soli (Muhammad Kenjaev), Misriyo  (Mohichehra Ahmadjonova), Uchqun (Nodirbek Qo‘ldoshev) rollarini mahorat bilan ijro etib e’tiborni qozonishdi.

Rejissyor va rassom ham Hayitboy Qambarovning o‘zi, musiqa bezakchisi esa Rustam Shayonovning xizmatlari spektakl davomida yaqqol sezilib turdi. Tikan gulning ham, kirpining ham himoyachisi, ko‘zning himoyachisi kiprik va qo‘llar bo‘lgani kabi. Tipratikan tikanlaridan ayrilsa, u o‘zini himoya qila olmaydi. Farzandlari ham himoyasiz qolganiga bee’tibor bo‘lgan ota-onalar fojiasi sahnada o‘z ifodasini topdi. Undagi personajlar tilidan aytiladigan ushbu so‘z va iboralar asar mazmunini ochishga xizmat qilgani aniq.  "Dag‘allik erkak kishi uchun husndir", "Jo‘ja Xo‘rozlarga aql o‘rgatishi yarashadimi", *Hamma kasbdagilar o‘z ishini biladi, lekin amal qilmaydi", va hokazo.

Solidagi alamzadalik ham asar g‘oyasini ochishga zamin hozirlagan. Ota-onalarning ko‘ngil xushliklari sabab yo‘l qo‘yilgan xatolari farzandlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir etishi, ularning iztiroblari chekish va ichishga ruju qo‘yishi, javobni izlashga intilishi asar zamiriga singdirilgan. Ularning qalbidan chiqqan ushbu nido bilan spektakl yakun topadi. Biz ular uchun javob bermaymiz! So‘ngra Toshkent kimyo texnologiya institutining "Kimyogar" teatr studiyasi tomonidan Chingiz Aytmatovning "Manqurt" asari asosidagi spektakli namoyish etildi. Odamni yerdan molidan jonidan mahrum qilish mumkin, lekin uning o‘zligidan judo qilishni kim o‘ylab topgan degan savolga javob izlash spektaklning markaziy g‘oyasidir.

Manqurtda ona tushunchasi ham, tuyg‘usi ham bo‘lmaydi. Spektaklning ikkinchi qismi, ya’ni zamonaviy talqini ancha bo‘sh chiqqani sababli "Kimyogar" teatr studiyasi talabalari g‘alabani qo‘lga kiritisha olmadi. Natijada "Iqtidor" teatr studiyasi talabalari "Eng yaxshi spektakl" nominatsiyasiga ega bo‘lishdi. Festivalda hay’t raisi sifatida Rahimboy Jumaniyozov, hay’at a’zolari sifatida esa institutimiz psixologi Muhayyo Muhammedova, ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i Zuhriddin Haydarov, "Imkon" teatr studiyasi rahbari Jasurbeklar ishtirok etishdi. Har ikkala institut talabalariga o‘zbek adabiy tilining me’yorlariga rioya etish zaruriyati tanbeh o‘rnida aytib o‘tildi, sheva unsurlarini qo‘llash asar mazmuni va tabiiyligiga putur yetishi ta’kidlandi. Har ikkala ta’lim muassasasi ijodkor talabalariga kelgusida yanada aktyorlik mahoratini oshirishlarini tilashdi.

 

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov