YOSHLIK SHIJOATI
2019-yil 29 - iyun Yoshlar kuni, Yoshlar bayrami arafasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida erta tongdan bayram tantanalari boshlab yuborildi. Yoshlar ittifoqi faol talabalari bayram nishonlarini yasashib, bayroqchalar bilan bezatishdi, institutga tashrif buyurgan har bir yoshni va abituriyentlarni bayram bilan muborakbod etishdi.
Bir guruh talabalar Yoshlar ijod saroyiga, Kitoblar ko‘rgazmasiga borishdi va Toshkent shahridagi bayram tadbirlarida ishtirok etishdi. Fleshmoblar o‘tkazildi. Heshtaglar ostida ijtimoiy tarmoqlar orqali bayram tabriklari yo‘llandi. Bayramga bag‘ishlab, videorolik sur‘atga olindi. Kunning ikkinchi yarmida esa “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakulteti bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish tadbiri bilan yana qizg‘inroq jarayonni guvohi bo‘ldik. “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetini 120 nafar bitiruvchi 4 ta yo‘nalish bo‘yicha tamomladi. Shundan 29 nafari imtiyozli diplomga munosib deb topildi. Fakultetda dekan vazifasini vaqtincha bajarayotgan ustozimiz Alimov Uchqun Zoirovich ushbu tadbirga 16 kun davomida tayyorgarlik ko‘rib, e‘tibor bilan yondashganini alohida ta‘kidlashni lozim topdik. Yuqori tayyorgarlik asosida fakultet rahbariyati hamda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, institut Kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida taqdirlash tadbiri yaxshi o‘tdi desak, adashmagan bo‘lamiz. Institut rahbariyati bitiruvchilarni, ularning ota-onalarini samimiy tabriklashdi va diplomlarni o‘z egalariga tantanali topshirishdi.
Bitiruvchilar va ularning ota-onalari so‘zga chiqib institut rahbariyatiga minnatdorchilik bildirishdi. Bitiruvchilar ota-onalariga, 4 yil davomida ta‘lim bergan professor-o‘qituvchilariga institut rahbariyatining tashakkurnomalari taqdim etildi. Shundan so‘ng konsert dasturi, kuy-qo‘shiqlar sadosi ostida talabalar, bitiruvchilar, yoshlar ittifoqi faollari, o‘qituvchilar birgalikda raqsga tushib, bayramni nishonlashdi. Hammada a‘lo kayfiyat, fayz-baraka bilan qiziqarli ko‘rinish oldi. Tadbirni tashkil etgan barchaga minnatdorchilik bildiramiz. Bundan keyingi diplom topshirish tadbirlari ham shunday ko‘taranki ruhda, samimiy o‘tishiga ishonamiz. Ma‘lumot uchun ushbu tadbirga 3 ta telekanal xodimlari “Mahalla”, “Yoshlar”, “O‘zbekiston 24” telekanallari muxbirlari taklif etildi. OAV ni kuzatib borishingizni so‘raymiz.
Institut yoshlar ittifoqi yetakchisi Akmal Berdimurodov ma‘lumoti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov