Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Agrar soha tarmoqlarida elektr energiyasidan foydalanish samaradorligini oshirish muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Ushbu anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 martdagi 178-F-sonli Farmoyishiga asosan “2018 yil oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlar rejasi”ga asosan institutimizda tashkil etilmoqda. Respublikamiz Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida energetika korxonalarining va energetik uskunalarning barqaror ishlashi uchun zarur choralar koʻrilmoqda. Jumladan, “Oʻzbekenergo” AJ tomonidan energetika sohasining yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlari va barqaror ishlashiga erishish maqsadida ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va ishlab chiqarilayotgan, shuningdek, ishlab chiqarish moʻljallanayotgan mahsulotlar tannarxini pasaytirishni taʼminlaydigan chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqilgan. 2018 yilning 9 oylik yakunlari boʻyicha isteʼmolchilarga 45,5 mlrd. kVt·s miqdorda elektr energiyasi yetkazib berildi. Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “2018 yilgi Investitsiya va infrastruktura loyihalar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-3507 sonli qaroriga muvofiq “Oʻzbekenergo” AJ boʻyicha yangi energiya obyektlarini qurish, amaldagilarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish boʻyicha 5 ta investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 85,7% issiqlik elektr stansiyalarida (IES), 13,3% gidroelektr stansiyalarida (GES) va 1% blokstansiyalarda ishlab chiqarilmoqda. IES ishlatilayotgan asosiy yoqilgʻi gaz-93,5% va koʻmir-5,1% hisoblanadi. Barchamizga maʼlumki, Respublikamiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasida joylashgan Toʻdakoʻl suv ombori (Buxoro shahridan 26 km sharqdagi tabiiy soylikda, Quyimozor suv omborining janubi-gʻarbida barpo etilgan. 1968 yilda ishga tushirilgan va 1977 yilda rekonstruksiya qilingan. Toʻliq hajmi 800 mln. m³. AES qurilishi uchun zarur resurslar yetkazib berilishiga eng qulay, xavfsizlik jihatidan eng maʼqul joy) yaqinida Oʻzbekiston va Rossiya hamkorligidagi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi boshlandi. Ushbu loyiha boʻyicha Oʻzbekistonda “3+” VVER-1200 zamonaviy avlod stansiyasi oʻrnatilmoqda. Mazkur kompleks 2 ta energoblokdan iborat boʻlib, har birining quvvati 1 ming 200 megavatt boʻladi. Atom elektr stansiyasi uchun dunyodagi eng xavfsiz va zamonaviy egergoblok tanlab olingan. Uni 2028 yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan va ushbu loyiha qiymati 10 milliard dollar atrofida boʻlishi koʻzda tutilgan. Hozirda Respublikamiz boʻyicha ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 20,7% agrar soha tarmoqlari ehtiyojlari uchun sarflanmoqda. Ushbu koʻrsatkich qishloq aholisi bilan qoʻshib hisoblaganda qariyb 30 foizni tashkil etadi. Yaqin yillar ichida ushbu koʻrsatkich 40-45 foizga yetishi bashorat qilinmoqda.
Agrar soha tarmoqlarida elektr energiya va elektr uskunalardan foydalanish boʻyicha nazariy tadqiqotlar va amaliy tajribalar natijasi elektr energiyasidan samarali foydalanish va elektr uskunalar ekspluatatsiyasi samaradorligini yanada takomillashtirish masalasini tizimi yondashuv uslublari asosida amalga oshirish kerakligini koʻrsatmoqda.
Anjuman 7 ta shoʻba asosida ish tutdi:
Energo va resur tejamkor innovatsion texnologiyalar;
Energiya taʼminoti, qayta tiklanuvchan energiya manbalari va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish;
Agrar sohada intellektual boshqarish, nazorat qilish va informatsion sistemalar: datchiklar va sistemalar;
Yer va yer resurslaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish;
Gidrotexnika inshootlari va, gidroelektrostansiyalar va nasos stansiyalarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish samaradorligini oshirish;
Qishloq va suv xoʻjaligini mexanizatsiyalash muammolari va yechimlari;
Agrar sektor uchun kadrlar tayyorlashda kompetentli yondashuv.
Shoʻbalarda agrar sohasidagi dolzarb muammolar boʻyicha ilmiy izlanishlar natijalari muhokama etildi. Anjumanga 400 dan ortiq ilmiy maqolalar kelib tushgan. Bugun shoʻbalarda oʻzlarining ilmiy maʼruzalari bilan akademiklar, fan doktorlari va fan nomzodlari hamda yosh olimlar ishtirok etishdi. Shuningdek, mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman uchun taqdim etilgan ishlarda xorijiy mamlakatlardan olimlarning 25 dan ortiq ilmiy maqolalari taqdim etildi, ulardan: 2 tasi AQSHdan, 1 tasi Yaponiyadan, 7 tasi Rossiya Federatsiyasidan, 17 tasi Qozogʻiston Respublikasidan.