Yangi avlod yangi tashabbuslar bilan
9 yanvar kuni "Yangi avlod - yangi tashabbuslar" mavzusida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida yoshlar masalalariga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining yoshlar ittifoqi yetakchilari ham ishtirok etishdi. Yoshlar shijoati va tadbirkorligiga doir muammolar borasida o‘zaro fikr almashindi. Har qanday jamiyatning iqboli va istiqboli yosh avlodga bo‘lgan e’tiborga bog‘liqligi ayon. Prezidentimiz faoliyati va qarashlarining muhim yo‘nalishi ham shunga qaratilgani bejiz emas. Kelajakning bunyodkori, ertangi kunning hal qiluvchi kuchi - yoshlarga munosabat masalasi davlatning ustuvor siyosatiga aylangani rost. Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari zimmasiga yuklangan vazifalar ham ana shu maqsadga qaratilgan. Yoshlar borasidagi siyosat ta’limning uzluksizligigagina emas, balki uzluksiz tarbiyaga ham yo‘naltirilgani e’tiborlidir. Birgina misol sifatida Prezident maktablarining, atoqli adiblar nomi bilan bog‘langan ijod maktablarining ochilishini keltirish mumkin.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi" - deganlarida qat’iy ishonch va aniq rejalar borligini nazarda tutayotganlari sir emas. Aniq maqsadlar sari intilganda, shunga mos bo‘lgan intellektual, salohiyatli yoshlar va barkamol avlod zarur. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvlarida ana shu masalalarni ko‘ndalang qo‘yganlari ham bejiz emas. Buning uchun o‘zi va so‘zi ibrat, ilm-u amali bilan o‘rnak bo‘ladigan yoshlardagina vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi, fuqarolik burchini anglash hissi ustuvor bo‘ladi. Bu esa kelajak avlodga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi tuzilishiga imkon tug‘dirdi. O‘sha kungi videoselektorda ana shu qudratli to‘lqinga umid va ishonch bilan qarab shunday dedilar. "Yoshlar orasida “Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta bo‘laman!” deb ko‘zi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. Yetakchilikning, o‘z ortidan ergashtirishning eng to‘g‘ri yo‘li shaxsiy o‘rnak va namuna bo‘lishdir." Ergashuvchi bo‘lib yurish liderlik, yetakchilik nisbati emas, balki ergashtiruvchilik uning sifatidir. Ergashtiruvchi bo‘lish uchun har tomonlama o‘rnak va ibratli bo‘la olish zarurdir. O‘zi o‘zgalarga namuna bo‘lmagan insonda liderlik salohiyati bo‘lmaydi. Uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar muhokama qilinishi asnosida ularning yechimiga daxldor bo‘lgan muhim va o‘zak masalalardan biri tilga olindi. "Bu ishlarning barchasi tilimizga e’tiborni kuchaytirish, yoshlarimizni milliy an’analarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilishi"dir.
Prezident ayni paytda buning javobini ham o‘zlari keltirib o‘tdilar. "Bu borada yoshlarimizda nutq madaniyati va notiqlik mahoratini oshirish uchun resublika yosh badiiy so‘z ustalari tanlovini o‘tkazish bugungi davr talabidir." Darhaqiqat, yoshlarning ma’naviy va ma’rifiy savodxonligi hamda o‘z fikrini erkin va farovon ifodalash qobiliyati bo‘lmasa, ko‘zlangan maqsadga erishish mushkulligi ayon. Prezident talab etgan o‘z ovoziga, mustahkam pozitsiyasiga ega bo‘lgan insongina yetakchi bo‘lishi, u o‘z fikrini emin erkin mustaqil ifoda eta olishi mumkin. Tasavvur qiling, o‘z g‘oyasini tushuntira olmagan liderning, tadbirkorning, fermerning hamda rejasi va yo‘l xaritasini ravon bayon eta olmagan o‘qituvchi yoxud rahbarning, shuningdek, boshqa soha vakillarining harakati samarasi, ish natijasi qanday bo‘lishi mumkin? Shuning uchun ham, iqtisodning, siyosatning, xalqaro maydonlardagi munosabatlarning, moliyaviy, ma’naviy va ma’rifiy masalalarning alifbosi ham, ibtidosi ham nutq madaniyati va notiqlik mahoratidir.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, lider ergashtiruvchi bo‘lishi kerak ekan, xo‘sh, ergashtirish nima badaliga bo‘ladi? Albatta, qiziqtirish, o‘zaro manfaat hosil qilish evaziga shakllanadi. Bu esa o‘z navbatida nutq mahorati orqali ro‘yobga chiqadi. Shunday ekan, muammolar yechimi, masalalar bichimi ham notiqlik san’ati bilan. Ta’limning kaliti nutq bilan, tarbiyaning kaliti xulq bilan bo‘lgani kabi muloqotning ham ochqichi nutq, muomalaning tutqichi xulqdir. Ana shuning uchun ham yosh rahbarlarning nutq madaniyati va notiqlik mahoratini oshirish zamon taqozosidir. Shu onda xalqimizning "O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar" degan naqli beixtiyor yodga keladi. Sharq mutafakkiri Kaykovus o‘zining "Qobusnoma"sida "Insondagi hamma qobiliyatlardan eng yaxshisi nutq qobiliyatidir"- deb, atoqli adib Skilef "Chiroyli gapirib bilish pul, hokimiyat va mashhurlikdan qimmatroqdir. Chunki ularning barchasiga chiroyli gapirib bilish evaziga erishiladi", siyosatshunos Vebster "Mendan hamma narsani oling, uy-joy, mulk, mashina, menga faqat so‘zlash qobiliyatini qoldirsangiz bas. Yo‘qotgan narsalarimni o‘n baravar qilib qaytarib olaman," Chonsi M. Depyu "Hech bir qobiliyat insonni jamiyat tomonidan zudlik bilan tan olinishi va yuqori mavqelarga erishishida notiqlikdek imkon bera olmaydi" - deya bejiz yozishmagan. Xoh tinchlik, xoh urush sharoitida bo‘lsin, kuchli notiqlarning nutqi, voizlarning va’zi chorlov ohangida, da’vatkorona tarzda bo‘lgan. Xalqni ruhlantirgan, safarbar etgan.
Bugungi tahlikali zamonda, globallashuv davrida, ayniqsa, g‘oyalar kurashi keskin tus olgan paytda mazmundor mohiyatga ega nutq ham, mahoratli, fikri teran, so‘zga chechan notiqlar ham suvdek, havodek zarur. Chunki asosli, hayotiy, samarali targ‘ibot va tashviqotgina xalqni ishontiradi, ruhlantiradi, ulug‘ va qutlug‘ maqsadlar sari ilhomlantiradi. Aks holda, dushman undan ustomonlik bilan foydalanib omma ongini zaharlashi, turli oqimlar tomon og‘dirishi, asosiy maqsaddan chalg‘itishi, yo‘ldan ozdirishi hech gap emas. Jangda sen dushmanni otmasang, u seni otadi. Bu oddiy mantiq. Notiqlik mahoratidan unumli foydalana olsak, biz hamisha g‘olibmiz. Hozirgi zamonda xalq qalbi va ongi uchun kurash ketayotgan paytda muhim mafkuraviy qurol - notiqlik mahoratini chuqur egallashimiz kerak. Ushbu jaholatga qarshi ma’rifat yarog‘idan, mafkuraviy mexanizmdan ayniqsa, yoshlar to‘la va to‘g‘ri foydalana olishi kerak. Shuning uchun ham Prezidentimiz nutq madaniyati va notiqlik mahoratini shunchaki muloqot va muomala manbai emas, balki ma’rifat va ma’naviyatning, targ‘ibot va tashviqotning quroli sifatida his etib, bundan foydalana olish milliy g‘oyamiz himoyasiga daxldor ekanini uqtirayotgan bo‘lsalar ajab emas. Chunki g‘oyamiz - himoyamiz, himoyamiz esa g‘oyamizdir. Bu esa mafkuraning mayog‘i, g‘oyamizning bayrog‘i va yarog‘i notiqlik mahoratini egallash bilan amalga oshadi.
Prezident o‘z nutqlarida ma’rifatparvar adib Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. Sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, - degan so‘zlarini ham bejiz eslatmadilar. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom avlod barkamol bo‘lganidek, xulqiy va nutqiy madaniyatga ega bo‘lgan inson komil inson sanaladi. Prezidentimiz nutq madaniyati va notiqlik mahorati masalasini kun tartibiga chiqargunlariga qadar poydevorni qurib qo‘ygandilar. 2019 yilning 4 oktyabr kunidagi qabul qilgan qarori, 21 oktyabr kuni "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni, ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kun - 21 oktyabr sanasi "O‘zbek tili bayrami kuni" deb e’lon qilishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasida davlat tilini rivojlantirish departamenti va atamalar komissiyasini tashkil etishlari, badiiy so‘z ustalari va insholar tanlovini o‘tkazish haqidagi tashabbuslari ana shu maqsadli harakatning kafolatidir. Jumladan, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasida ham nutq madaniyati va notiqlik mahoratining roli muhim. Hatto, prezident nutqidagi besh tashabbusning har bir yo‘nalishini tuman va shaharlarda tizimli amalga oshirishda, tushuntirish va targ‘ibot ishlarida notiqlik san’atining o‘z o‘rni borligini inkor eta olmaymiz. Tadbirda yoshlar o‘z mulohazalarini bildirib, turlitaklilar bilan chiqishdi.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov