Tantanali taqdirlash tadbiri
Jismonan va aqliy kuch bir butun. Ular bir- biridan quvvat oladi. Shunday ekan, har ikkalasiga yaqinlik mukammallik belgisi, boshqacha aytganda, barkamol avlodning, uchinchi renessansning poydevori ham aslida shunda. Shuning uchun inson hayotiy faoliyatida ham jismonan, ham aqliy mashqlarni muntazam ravishda bajarishi kerak. Bu uning tanasi va ong-u shuurini rivojlanishiga xizmat qiladi. Sogʼlom aql va teran fikr garovi, shuningdek, salomatlikning kafolati boʼlgan sportning oʼrni yosh-u keksa oʼrtasida katta ahamiyat kasb etadi. Bu borada respublikamiz boʼylab tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ham rost.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasi har yili talabalarning qishki taʼtil paytida vaqtlarini bekor oʼtkazishmaydi. Sportning barcha turlari bilan musobaqalar uyushtirishni kanda qilishmaydi. Jumladan, TIQXMMIda 2021-yil 4-9 yanvar kunlari professor oʼqituvchi va xodimlar oʼrtasida “Yangi yilni sport bilan boshladik” shiori ostida “REKTOR KUBOGI 2021” anʼanaviy sport musobaqalari SPАRTАKIАDАSI oʼtkazildi.
Bugun unga yakun yasaldi. Institutning muhtasham, keng va yorugʼ sport zaliga barcha jamuljam boʼlishdi. Ular oʼziga xos yoʼsinda, spartakiada shukuhini anglatadigan tarzda sport libosida turnaqator boʼlib saf tortishdi. Institut tarixida bunday yoʼsinda, yuqori saviyada hali sport musobaqalari tashkil etilmaganligini koʼpchilik eʼtirof etishdi. Musobaqa ruhi va shukuhini anglatuvchi tantanavor musiqa yangrab turdi.
Soʼngra institutimiz rektori, professor Umurzakov Oʼktam Pardaevich boshchiligidagi rahbariyat oʼziga xos sport kiyimida kirib kelishdi. Rektorimiz barchani yangi yil va sport "bayrami" bilan muborakbod etdi. Ish va oʼquv jarayoni salomatlik bilan, sogʼlik esa sport bilan chambaras bogʼliq ekanini qayd etib, muhtaram Prezidentimiz tomonidan nom berilgan joriy yil "Yoshlarni qoʼllab - quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da oʼquv va ish jarayonida yanada ulkan zafarlarga erishishimiz zarurligini taʼkidladilar. Soʼngra gʼoliblarni taqdirlash tadbiri boshlandi.
Professor-oʼqituvchilarning “Rektor kubogi-2021” anʼanaviy spartakiadasi boʼyicha erishilgan oʼrinlar medallar hisobida aniqlandi. Sportning oltita turi boʼyicha davom etgan musobaqalar unutilmas tarzda, qizgʼin ravishda kechgani quvonarlidir. Umumiy hisobda natijalar quyidagicha koʼrinish kasb etdi.
1. GM fakulteti 4 ta oltin, 4 ta kumush, 2 ta bronza medallarni qoʼlga kiritib I oʼrinni zabt etishdi.
2. QXM fakulteti 2 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medallarni qoʼlga kiritib II oʼrinni ishgʼol qilishdi.
3. Rektorat jamoasi 2 ta oltin, 2 ta kumush medallarni qoʼlga kiritib III oʼrinni egallashdi.
4. GTQ fakulteti 1 ta oltin, 2 ta kumush medallarni qoʼlga kiritib IV oʼrinning egasi boʼlishdi.
5. ERB fakulteti 1 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medalni qoʼlga kiritib V oʼrinni qoʼlga kiritishdi.
6. SXTEB fakulteti 2 ta bronza medallarni qoʼlga kiritib VI oʼrinni fath etishdi.
7. GIM fakulteti 2 ta bronza medalni qoʼlga kiritib VI oʼrin sohibi boʼlishdi.
8. QSXET fakulteti VII oʼrinni egallashdi.
Аyniqsa, ayollar hamda erkaklar oʼrtasida alohida oʼtkazilgan "Quvnoq startlar" oʼyinlari bir-biridan qiziqarli boʼlib ishtirokchilarga ham, tomoshabinlarga ham o'zgacha zavq baxsh etdi.
TIQXMMI matbuot xizmati