TIQXMMIda xalqaro loyiha doirasida Kasbiy rivojlantirish markazi ochildi

Har qanday xalqaro hamkorlikning mohiyati o‘zaro manfaatli taraqqiyotga xizmat qilishi bilan belgilanadi. Shuning uchun dunyo miqyosida bunga alohida e’tibor bilan qaraladi. 2020 yil 10-fevral kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida (TIQXMMI) Britaniya Kengashi ko‘magida Kasbiy rivojlantirish markazining ochilish marosimi va ingliz tilida "English as a Medium Instruction-Ingliz tili maxsus maqsadlarda" xalqaro loyihasi doirasida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Tantanali ochilish marosimi TIQXMMI rektori prof. U.Umurzakovning kirish so‘zlari bilan boshlandi. Ular o‘zlarining kirish nutqida Institutda Kasbiy rivojlantirish markazini ochishdan maqsad va O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirishda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishda Britaniya Kengashining beqiyos o‘rni haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdilar. Rektor, shuningdek, Britaniya Kengashining barcha loyihalari bizning milliy islohotlarimiz talablariga javob berishini va loyihalardan orttirilgan tajribani hayotga tatbiq etish oliy o‘quv yurtlarida sifatli ta’limni oshirishga yordam berishini aytib o‘tdi. Institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori prof. B.Mirzayev "English as a Medium Instruction-Ingliz tili maxsus maqsadlarda" xalqaro loyihasi koordinatori sifatida institutning turli fan o‘qituvchilari va talabalari uchun o‘qitish materiallarini yaratishda ingliz tilining ahamiyati to‘g‘risida gapirdi. U Institutda yangi Kasbiy Rivojlantirish markazini ochishda ko‘rsatgan yordami uchun Britaniya Kengashiga minnatdorchilik bildirdi. Rektor o‘z nutqidan so‘ng mehmonlar va loyiha ishtirokchilarini tanishtirdi. Ochilish marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim Vazirligining vazir o‘rinbosari Prof.U.Begimkulov, Britaniya Kengashi direktori Reychel Aylend, Buyuk Britaniya konsultantlari Rod Bolayto va Norvich til ta’limi institutidan Jeyson Skit, 16 ta nofilologik oliy ta’lim muassasalaridan loyiha koordinatorlari va 70 loyiha qatnashuvchilari ishtirok etishdi.

"English as a Medium Instruction-Ingliz tili maxsus maqsadlarda" loyihasi o‘qituvchilarga kasbiy rivojlanishlarida yordam berish va O‘zbekiston ta’lim sohasidagi xorijiy tajribalarni joriy qilish uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan. Loyihaning asosiy vazifalaridan biri zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda xalqaro tajribaga asoslangan o‘quv materiallarini takomillashtirish, shuningdek, Buyuk Britaniya loyiha mutaxassislari bilan maslahat uchrashuvlari, vebinar va seminarlar o‘tkazishdir. Loyihaning ishtirokchilari Norvich til ta’limi institutining forumiga ya’ni https://nile.elt.com/ platformasiga a’zo bo‘lishgan. Tantanali ochilish marosimidan oldin kun tartibiga binoan mexmonlar Britaniya Kengashi direktori Reychel Aylend, Buyuk Britaniya maslahatchilari Rod Bolayto va Jeyson Skit Institutdagi muhim voqea haqida co‘zga chiqdilar. Ular Institut jamoasini Kasbiy Rivojlantirish Markazining ochilishi bilan tabrikladilar va TIQXMMIning xalqaro loyihalarda, xususan Britaniya Kengashining loyihalarida faol ishtirok etayotganliklarini ta’kidladilar. Keyin TIQXMMI rektori prof. U. Umurzakov Kasbiy rivojlantirish markazining ochilishini e’lon qilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining vazir o‘rinbosari prof. U. Begimkulov, Britaniya Kengashi direktori bilan birgalikda Markazga kirish oldidan lenta kesishdi. Rektor barcha mehmonlarni Kasbiy rivojlantirish markaziga taklif qildi.

Barcha mehmonlar TIQXMMI ma’muriyati tomonidan yangi Markaz uchun keng imkoniyatlar bilan ta’minlanganliklaridan xursand bo‘lishdi. Markazning zamonaviy kitob javonlariga Britaniya Kengashi va boshqa loyixa hamkorlari tomonidan taqdim etilgan zamonaviy axborot resurslari joylashtirilgan. Shuningdek, TIQXMMI ma’muriyatining markazni tashkil etilishidagi qo‘llab-quvvatlashi o‘qituvchilar va talabalar uchun barcha qulayliklarning yaratilganligi, shu jumladan ilg‘or axborot texnologiyalarini amalda qo‘llashga zamin yaratishini ham aytib o‘tishdi. Kasbiy Rivojlantirish markazining ochilish marosimidan so‘ng loyiha qatnashchisi, ingliz tili katta o‘qituvchisi Guzal Eshchanova TIQXMMI haqida, institutning bakalavr va magistr talabalari uchun mo‘ljallangan fakultetlar va mutaxassisliklar haqida taqdimot qildi. Shuningdek, tashrif buyurgan mehmonlarga TIQXMMI haqidagi videorolik taqdim qilindi. Taqdimotga ko‘ra, institutning akademik salohiyati, ish beruvchilar va ilmiy salohiyati, ko‘rsatkichlar bo‘yicha ijobiy baholarni olganligi uchun 2019-2020 yillar uchun QS reytingida 301-350 ball to‘plab, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning eng yaxshi universitetlari qatoriga kirganligi haqida ma’lumot berildi.

Shuni tan olish kerakki, 1923 yildan beri TIQXMMI suv va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun 80 mingdan ortiq mutaxassislar, akademiklar, tadqiqotchilar va davlat idoralari rahbarlarini tayyorladi. Uning obro‘si butun dunyoda aks etadi, 38 mamlakatdan 2000 ga yaqin bitiruvchilarga ega. Kun tartibiga ko‘ra, bir finjon qahva tanaffusidan keyin loyiha koordinatorlari va ishtirokchilari bo‘limlarga bo‘lindi va Buyuk Britaniya maslahatchilari Rod Bolitho va Jeyson Skeet o‘z seminar-treninglarini o‘tkazdilar. Loyiha bo‘yicha Britaniya Kengashining 16 ta nofilologik muassasalariga turli xil axborot resurs manbalarni taqdim etganligini ta’kidlash muhimdir. Seminar-trening davomida ingliz tilini maqsadli o‘qitish bo‘yicha samarali o‘qitishni tashkil qilish, 21-asr ko‘nikmalari, Britaniya Kengashining oliy o‘quv yurtlaridagi loyihalari haqida, o‘qitish materiallarini yaratish, o‘qitishdagi muammolar va yechimlar, o‘qituvchilar uchun eng yaxshi amaliyotlar va imkoniyatlar kabi mavzularga oydinlik kiritishdi. Savol-javoblar davomida mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashning ahamiyati, ingliz tilini o‘qitish tizimini yanada modernizatsiyalash va ta’limga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Seminarning yakuniy bosqichida loyiha ishtirokchilari va taqdimotchilari sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

TIQXMMIda xalqaro loyiha doirasida yangi Kasbiy rivojlantirish markazini tashkil etish va seminar-treningni o‘tkazilishi barchada yaxshi taassurot qoldirdi. Bu esa o‘qitishdagi bir qator muammolarga yechim topishga yo‘l ochadi. Loyihada orttirilgan tajriba va mulohazalar bilan fikr almashinish loyihaning keyingi bosqichlarini aniqlashga xizmat qildi.

Institut matbuot xizmati R.Jumaniyozov