Millat ma’naviyatining dahosi
GIM fakulteti xotin qizlar kengashining tashabbusi va fakultet Yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari bilan hamkorlikda 2021-yil 9-fevral kuni 2-son TTJ “Alisher Navoiy milliy ma’naviyatimiz dahosi“ mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Z. Haydarov Mir Alisher Navoiy qoldirgan boy ijodiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy va vatanparvarlik g‘oyalari, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egallagan, – deydi fakultet dekani B. Norov – Alisher Navoiy adabiy merosini tizimli va muntazam ravishda o‘rganish, targ‘ib qilish biz uchun ham sharaf, ham burch, deb bilishimiz kerak. Tadbirda fakultet talaba qizlar tomonidan aytilgan Navoiyning g‘azal, ruboiylari va kuy, qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.Tadbirni o‘tkazishdan maqsad Navoiy dostonlarini chuqur o‘rganish, ularda ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, Navoiy asarlari orqali yoshlarda Vatanga muhabbat hissini shakllantirishdan iborat.
TIQXMMI matbuot xizmati