Nutq-yutuq garovi

Har bir ta’lim muassasasida o‘zining liderlik faoliyati va yetakchilik qobiliyati bilan ajralib turadigan talabalar bo‘lishi tabiiy. Ularning ajralib turishiga bois avvalo, bilimi, so‘ngra notiqlik salohiyatidir. Xuddi shuni nazarda tutgan holda, TIQXMMI da bir guruh yoshlar ittifoqi yetakchilarining talab va istaklari hamda institut rahbariyatining tashabbusi bilan "Notiqlik mahorati" to‘garagi o‘z faoliyatini boshlagan. Kuni kecha to‘rtinchi mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi. Mavzuni yoritish va uni nutq aniqligi va mantiqiyligiga asoslangan holda qanday qilib nutq irod etish mumkin? Bunga erishishning sir-asrorlari va tilsimlari borasida so‘z yuritildi. Ta’lim muassasalari orasida sportning shahmat turi bo‘yicha tanlov bo‘lib o‘tgani, unda ishtirok etib faxrli o‘rinni egallagan Farruxbekning tanlov tassurotlari tinglandi. Farruxbekning nutqini tinglovchilar tinglash asnosida erishgan yutuqlari va yo‘l qo‘ygan nuqsonlarini birin-ketin ayta boshlashdi. O‘zgani baholash, aslida o‘zingni o‘zgaga baholatish demakdir.

Jonli nutqning siri, o‘z taassurotini o‘zgaga ko‘chirish va jonli manzara yaratish uchun nutq xususiyatlarini qay darajada bilish muhimligini tinglovchilar teran idrok etishdi. Nazariy ma’lumotlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish asnosida o‘tkazilgan dars talabalarga zavqu shavq baxsh etayotgani sir emas. Mikrofon, minbar, videokamera orqali jamoaga yuzlanishda nimalar muhimligi borasida ma’lumotlar berildi.

TIQXMMI  matbuot xizmati