Buyuk sarkarda, suyuk sohibqiron

Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasi zirhli texnikalarni jangda qo‘llanishi sikli professor o‘qituvchilari tomonidan hazrat Sohibqiron Amir Temur tavalludining 683 yilligi, hamda Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinganligining 649 yilligi munosabati bilan ushbu sanaga bag‘ishlab,  O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar muzeyida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasi boshlig‘i podpolkovnik Rafik Zilevich Minlishev,  harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – zirhli texnikalarni jangda qo‘llanishi sikli boshlig‘i podpolkovnik Vadim Ismailovich Tagaev, harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasi professor o‘qituvchilari, harbiy tayyorgarlik bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirning asosiy qismida buyuk ajdodimiz o‘z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan madaniyat va ma’naviyat homiysi, o‘z vaqtida Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlarga ta’sir ko‘rsatib, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk bunyodkor hamda tarixiy shaxs sifatida tan olingan Amir Temur bobomizning dunyoga kelishi, tarbiyalanishi va buyuk sarkarda darajasiga yetishiga sabab bo‘lgan tarixiy voqealar to‘g‘risida 1 - guruh talabasi Tohirov Farhod Shuhrat o‘g‘li tomonidan mazmunli va qiziqarli ma’ruza tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldi hamda sikl katta o‘qituvchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Xaydar Ikramovich Ergashevning shaxsiy kutubxonasi fondidan «Temur tuzuklari» nomli kitobi sovg‘a qilindi. Shuningdek, Haydar Ikramovich Ergashevning shaxsiy kutubxonasi fondidan Amir Temurning harbiy san’ati, uning strategiyasi va taktik qobiliyati to‘g‘risida ma’ruza qilgan 2-guruh talabasi Xoliqov Sherzod Ne’mat o‘g‘li Marsel Brionning «Menkim Sohibqiron - jahongir Temur», Temur tuzuklarining paydo bo‘lishi va uning ahamiyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi qilgan 3-guruh talabasi Abdumannonov Akmal Anvarovichga Mixaiil Ivaninning «Ikki buyuk sarkarda Chingizxon va Amir Temur harbiy san’ati strategiya va taktikasi» kitoblari sovg‘a qilindi.

Tadbirning yakuniy qismida «Ajdodlar merosini o‘rganuvchi eng faol bilimdon» viktorinasi o‘tkazildi. Ushbu viktorina savollari ma’ruzachi talabalar tomonidan tavsiya qilingan eng qiziqarli va hozirgi kungacha o‘zining dolzarbligini yo‘qotmagan savollar ichidan tanlab olindi. Viktorinaga zirhli texnikalarni jangda qo‘llanishi sikli hamda maxsus tayyorgarlik sikli talabalari jalb qilindi. Viktorina g‘olibi deb, 2- guruh komandiri Ubadullaev Abduxalil Abdukarimovich tan olindi va institut rektorining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.

 Institut harbiy kafedrasi boshlig‘i podpolkovnik R. Minlishev axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov