Noyob va nodir iste’dod sohibi
O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov milliy adabiyotimizni yangi bosqichga ko‘targan nodir iste’dod sohibi edi. Uning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan. Dramalari, doston va tarjimalari, publitsistik asarlari adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan. Ayni kunlarda ta’lim muassasalarida ulug‘ shoir tavalludiga va uning xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Bugun institutning "Yer resurslarini boshqarish" fakultetining bir guruh ijodkor iqtidorli tashabbuskor talaba-yoshlari va professor-o‘qituvchilari "Adiblar xiyoboni"da o‘zbek xalqining buyuk adibi Abdulla Oripov siymosi aks etgan haykal qoshida jam bo‘lishdi. Bu muhtasham, serviqor haykal qoshida, institutning yoshlar bilan ishlash buyicha prorektori R.Choriev, institut matbuot kotibi R.Jumaniyozov, "r resurslarini" boshqarish fakulteti dekani Sh.Narbaev, dekan muovini X.Eshova hamda tabdir mehmoni Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ajoyib shoir ijodkor Doniyor Mirzo, professor o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbir ajoyib taassurotlarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Tadbirda adibning zamonaviy o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, davlat va jamoat ishlaridagi faolligi, yosh ijodkorlarni tarbiyalashdagi jonkuyarligi haqida so‘z yuritildi.
– Abdulla Oripov deganda, iste’dod egasi, yorqin siymo, ham ijodi, ham hayot yo‘li bilan ibrat bo‘lgan ustoz keladi, – deydi shoir O‘zbekston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Doniyor Mirzo. – Ustozning nomlari allaqachon xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan. Biz Abdulla Oripov deyishimiz bilan “O‘zbekiston – Vatanim manim”, "Men nechun sevaman O‘zbekistonni?",“Birinchi muhabbatim” va boshqa ko‘plab she’rlar yodga keladiki, ular bugun xalq hikmatlariga aylanib ketgan. Biror-bir davra yo‘qki, uning she’rlari yangramasa. Har kuni madhiya bilan uyg‘onamiz, madhiya bilan uyquga ketamiz. Ustoz xalqimiz qalbidan o‘zining bebaho ijodi, o‘tli satrlari, olmos fikrlari bilan o‘rin olgan ijodkor Abdulla akaga nasib etgan baxt, martaba hamma ijodkorlarga ham nasib qilavermaydi. Xo‘sh, bugun bizning shoir oldidagi vazifamiz nima? Ayniqsa, yoshlarning vazifasi nima, degan savollarga shunday javob beraman: Abdulla Oripov she’rlaridagi mazmun-mohiyatni, hikmatni chaqish kerak, kelajak avlodlarga bu bebaho merosni bus-butun yetkazish kerak. Aytish joizki, o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglash, mustaqillik uchun kurashlarida Abdulla Oripov she’riyati alohida o‘ringa ega. Muhabbat, ona, hayot, mehr, istiqlol, ezgulik kabi turli mavzularni qamrab olgan adib she’rlari inson qalbini larzaga solmay qo‘ymaydi.
O‘tgan yili davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qarshi shahri markazida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyat boshladi. Maktab xiyobonida shoir haykali qad rostladi. Shuningdek, maktab negizida adibning barcha asarlari va boshqa ijodkorlar kitoblaridan iborat kutubxona va muzey tashkil etildi. Abdulla Oripov - noyob iste’dod egasi. Chuqur falsafiylik, milliy ruh, diniy-axloqiy mezonlarga sadoqat shoir she’riyati asoslarini tashkil etadi. O‘zbek xalqining milliy tiklanishi, hurfikrlilik va mustaqillik uchun kurashida Abdulla Oripov she’riyati katta o‘rin tutadi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan faol ishtirok etgan ijodkor talabalarga shoirning kitoblaridan sovg‘a qilishdi. So‘ngra fakultet jamoasi "Toshkent" nomi bilan yuritiluvchi tarixiy muzeyga tashrif buyurib, u yerda mavjud bo‘lgan diqqatga sazovor eksponatlar bilan tanishib katta taassurotlarga ega bo‘lib qaytishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati