Jonkuyar ustoz
“Mehnatsevar, jonkuyar va mehribon ustoz” nomiga ega bo‘lish har bir ustoz-murabbiy uchun ham sharaf, ham baxtdir. Ana shu sifatlarga ega bo‘lgan insonlar doimo e’tiborga sazovor, tahsinga loyiq. O‘ziga yuklangan vazifani sharaf bilan ado etish ham fidoyilikni talab etadi. Zahmat chekmaguncha rahmat eshitilmas degan hikmat bejiz aytilmagan. O‘z kasbini sevish, yaqinlariga, kasbdoshlariga muhabbatli va muruvvatli bo‘lish uning el-yurti, mehnat jamoasi, mahallasi, oilasi oldida katta nufuzga ega bo‘lishiga sabab bo‘lishi sir emas. Institutimiz "Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari" kafedrasi katta o‘qituvchisi Batirova Lolitta Anvarovna 7 aprel kuni o‘zlarining muborak 60 yoshini qarshiladilar.
Lolitta Anvarovna 30 yildirki, Respublikamiz qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun yetuk kadrlar tayyorlashda munosib hissa qo‘shib kelayotgan jonkuyar o‘qituvchilardan biridir. Yetuk mutaxassislar tayyorlashda hamda tizimning moddiy – texnikaviy bazasini mustahkamlashda va o‘qish jarayonida katta faoliyat ko‘rsatib kelayotganlari sir emas. Shu kunga qadar ularning muallifligida soha muammolarini hal etishga bag‘ishlangan bir qancha nazariy va ilmiy – ommabop maqolalari, o‘quv qo‘llanma va darsliklari chop etilgan.
El-yurt hurmatini meros qilib bo‘lmaydi. Unga faqat umr bo‘yi halol, fidokorona mehnat qilib, yonib yashagan kishilargina erishadi. Ularni ana shunday kishilar toifasidan ekanligidan butun jamoa va do‘st-u birodarlari, yaqinlari faxrlanadi. Biz Lolitta Anvarovnaga tangridan uzoq umr, sihat-salomatlik va mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan kelajak faoliyatida kuch-quvvat va ulkan zafarlar tilaymiz!
“ET va QTEM” kafedrasi dotsenti O.Pirimov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov