Yangi oʼquv yiliga tayyorgarlik masʼuliyati
Har qanday oʼquv va ish jarayoniga tayyorgarlik yangi kuch, yangi imkoniyat va rejalarni hisobga olish asnosida maqsad va vazifalarni belgilashni taqozo etadi. Bu esa har bir professor oʼqituvchidan tortib, taʼlim muassasasi jamoasi aʼzolarining har biriga oʼz kasbi nuqtai nazaridan masʼuliyat yuklashi tayin. Xuddi shu maqsadda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektorat aʼzolari va barcha kafedra mudirlari ishtirokida joriy yilning 11 avgust kuni soat 11:00 da institut rektoratining kengaytirilgan tarkibdagi yigʼilishi Zoom dasturi orqali videokonferentsiya shaklida oʼtkazildi. Videokonferentsiyani institut rektori, professor Umurzakov Oʼktam Pardayevich oʼzlarining kirish soʼzlari bilan ochib moderator sifatida boshqarib bordilar.
Kun tartibida koʼrilgan masalalarning asosiysi Yangi 2020-2021 oʼquv yiliga tayyorgarlik holati va amalga oshiriladigan vazifalar haqida boʼldi. Shu xususda institutning birinchi prorektori Mirzaev Bahodir Suyunovich taqdimot dasturi asosida maʼruza qildi. Soʼngra maʼruza yuzasidan savol-javoblarga oʼtildi. Shtat birligi, oʼquv soatlari, onlayn tarzdagi videodarslar kabi masalalar borasida tugʼilgan muammolar yuzasidan konkret yechimlar va mulohazalar bildirildi. Rektorat aʼzolari va barcha kafedra mudirlari mazkur yigʼilishda oʼz fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etishdi. Kengaytirilgan onlayn yigʼilish Zoom dasturi orqali talabga muvofiq tarzda oʼtkazildi.
TIQXMMI Matbuot xizmati