Xalqaro grantlarda qatnashish
Ilmning rivoji jamiyatning taraqqiyotini belgilar ekan, demak, bu boradagi hamkorlik, ilmiy izlanish va tajriba almashishlarning roli ham katta boʻlishi muqarrar. Xorij tajribalari mamlakatimizni eng rivojlangan davlatlar qatorida koʻrishimizga imkon tugʻdiradi. Bu esa oʻzimizning saʼyi harakatimiz, intilishimiz, innovatsion gʻoyalar va turli texnologiyalarni muvaffaqiyatli qoʻllash, xorijiy investorlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishimiz bilan bogʻliq.
“Xalqaro grantlarda ishtirok etish tajribasi” mavzusida Berlin Gumbold universiteti katta ilmiy xodimi, PhD A.Xamidov “Suv xoʻjaligini tashkil etish va boshqarish” fakulteti bitiruvchi kurs talabalariga Germaniyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish imkoniyatlari va shartlari, ilmiy izlanish yoʻnalishlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Seminarda Germaniyaning Gumbold universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamkorlikda amalga oshirilayotgan qishloq va suv xoʻjaligida muhim ahamiyatga ega boʻlgan loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi. Jumladan, 2013-2016 yillarda amalga oshirilgan InDeCA (DesigningInstitutions in Transition), 2015-2017 yillarda amalga oshirilgan NaReMaCA (Natural Resource Management in Central Asia), 2012-2015 yillarda amalga oshirilgan SALUS, 2017-2019 yillarda amalga oshirilayotgan BioWat (Resources management in the salinized and drought stress-endangered irrigation areas of Central Asia for adapting to climate change) loyihalarining ahamiyati, maqsadi va vazifalari toʻgʻrisida talabalarga atroflicha maʼlumot berdi.
Seminarda ishtirok etgan talabalar xorijiy oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishning shartlari, imkoniyat va yutuqlari toʻgʻrisida oʻzlarini qiziqtirgan maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov