Filialdagi faoliyat

Ta’limning sifati va mazmuni, samarasi va natijadorligi olib borilayotgan o‘quv jarayonining tizimli tartibi va tarkibiga, uning amaliyot bilan qay darajada uyg‘unligiga bog‘liqligi oynadek ravshan. Xuddi shuningdek, yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, moddiy texnika bazasi, jahon andozalariga mos zamonaviy texnologiyalar ham ta’lim tizimining sifati va mazmuniga daxldordir. Xo‘sh, ta’lim muassasalarining filiallarida bunga e’tibor va munosabat qanday? Xuddi shu maqsad bilan Rektorimiz Umurzakov O‘ktam Pardayevich bir guruh fan va ta’lim fidoyilari, o‘quv jarayonining mutasaddilari  bilan birgalikda institutimizning Buxoro filialiga tashrif buyurishdi. Rektor filialimizdagi ta’lim jarayoni, muammo va yechimlar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan rejalar borasida o‘zining yo‘l-yo‘riq va qimmatli maslahatlarini berdilar.

Prezidentimizning chiqishlaridagi aynan sohamizga daxldor fikr-mulohazalari hamda o‘gitlari ta’lim jarayonimizning o‘zak tomiri bo‘lishini uqtirib o‘tdilar. Bugungi rivojlanish, zamon bilan qadam baqadam ilgarilash, talabalardagi innovatsion ixtirolarga tomon talpinish hissini uyg‘otish va qo‘llab-quvvatlash davr talabi ekanini unutmaslik kerakligini ta’kidladilar.

Ma’lumki, Prezidentimiz nutqlarida e’tibor qaratilgan jiddiy muammolardan biri qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda ilm-fan hayot talablaridan orqada qolib borayotgani, ilm va amaliyotning bir-biridan uzoqlashayotgani, aksariyat hollarda uzilib qolganidir. “Ilmiy tadqiqot institutlarining agrar fan va seleksiyani rivojlantirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, har bir hududda tuproq va iqlim sharoitiga mos ekin navlarini yaratish va joylashtirish borasidagi o‘rni va rolini keskin  oshirish lozim.” Davlatimiz rahbarining bu e’tiroflari ilmiy-tadqiqot ishlari hamon eskicha usulda olib borilayotganiga ishora bor. Zamonaviy ilm-fan yutuqlarini chuqur egallagan kadrlarning tanqisligi muhim muammolardan biridir. Demak, sohaga ilmiy yondashuvni tashkil etish va malakali kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish maqsadida Veterinariya institutini, Parrandachilik ilmiy markazini tashkil etish borasidagi Prezidentimiz tashabbuslari va innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligini tashkil etganliklari ana shu yo‘ldagi dadil qadamdir.

Kadrlarning ta’lim muassasasini bitkazgandan keyin qaerga borib ishlashi, qishloq xo‘jaligining taraqqiyotiga qay darajada xizmat qilishi barchamizni o‘ylantirishi kerak. Amaliyotda ularning bilim va mutaxassisligi ish beradimi, degan savol qo‘yiladigan bo‘lsa, lab tishlab, bosh qimirlatib qo‘yamiz, xolos. Chunki, davlatimiz rahbari haqli e’tirof etganlaridek, auditoriyada talabaga boshqa narsa o‘qitiladi, amaliyotda undan butunlay boshqa bilim va ko‘nikma talab etiladi. Bunday holda soha taraqqiyotini qanday ta’minlash mumkin.

Tayanch o‘quv dargohlaridan biri va o‘quv metodik markaz sifatida bizning institut belgilangani ma’lum. O‘quv-ta’limiy protsessni tubdan yaxshilash, reja va dasturlarni qayta sinchkovlik bilan ko‘rib chiqish, nazariy ma’lumot va amaliy mashg‘ulotning uyg‘unligini ishlab chiqarish ob’ektlari bilan kelishilgan holda ta’minlash eng birinchi ustuvor vazifamiz ekanini Prezidentimiz o‘rinli ta’kidladilar. Oliy ta’lim va muassasalari va kollejlardagi o‘quv dasturlari ishlab chiqarish, firma va kompaniyalarning aniq talab va buyurtmalari asosida tuzilishi va raqobatdosh kadrlarni tayyorlab berish haqidagi mulohazalari ham muammolarimiz yechimiga kalitdir. Ehtiyoj zaruriyatdan kelib chiqadi. Talab bo‘lmasa, ehtiyoj qondirilmasa o‘quv jarayonining qiymati bo‘lmasligi tayin. Ilm, izlanish bo‘lmagan joyda hech qanday, rivojlanish,yuksalish va umuman, biror bir sohaning kelajagi bo‘lmaydi.

Rektorimiz filialda faoliyat yuritayotgan pedagogik va texnik jamoa bilan uchrashuv chog‘ida xuddi shunday mazmundagi mulohazalarni bildirib o‘tdilar. Tashrif chog‘ida ta’lim muassasamizning filiali bilan yaqindan tanishib auditoriya va o‘quv laboratoriyalari, kutubxona, ARMdagi barcha texnik jihozlarning yaroqli, yaroqli emasligini ko‘zdan kechirib tegishli topshiriqlar berdilar. Shu bilan institumizning Buxorodagi filialiga tashrif muvaffaqiyatli va samarali yakunlandi.

                             Institut matbuot kotibi R. Jumaniyozov