Amaliyot - o‘quv jarayonining asosiy poydevori
TIQXMMI “Gidromelioratsiya” fakulteti “Suv xo‘jaligi va melioratsiya” ta’lim yo‘nalishi 3 - bosqich talabalari o‘quv jarayonida institut professor-o‘qituvchilari tomonidan olgan nazariy bilimlarini amaliyotda yanada mustahkamlash maqsadida, institut rektorining 2019 yilning 12 iyulidagi 836/t - sonli buyrug‘iga asosan ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashlari uchun Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga kelishdi.
Talabalar hozirgi kunda eng yuqori texnologiya, ya’ni tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llayotgan fermer xo‘jaliklarida ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tashlari uchun tuman irrigatsiya bo‘limlari tomonidan yuborildi va mazkur fermer xo‘jalik raislari ishlab chiqarish amaliyotini o‘tishlari davomida 8 iyuldan 17 avgustgacha bo‘lgan muddatda korxonadagi amaliyot rahbari etib tayinlandi. Shuningdek, talabalarga ishlab chiqarish amaliyoti davomida mazkur fermer xo‘jalik tomondan barcha shart-sharoitlar yaratib berildi va to‘liq ma’lumot olishlari hamda kelgusida yuqori tejamkor sug‘orish usullari bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun imkoniyatlar yaratildi. Talabalarga hozirgi kunda muhtaram yurtboshimiz tomonidan qo‘yilayotgan talablarga to‘liq javob berishlari uchun ishlab chiqarish tashkilotlari va institut rahbariyati tomonidan barcha sharoitlar yaratildi.
ITXB rahbariyati: Maqsud Sobirov va Davronbek Kenjaevlar amaliyot o‘tashga kelgan talabalarga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 17 iyundagi PF–5742-sonli Farmoni bo‘yicha ITXBlarda ishlab chiqilgan yo‘l xaritasini talabalarga tushuntirishdi. Mazkur Farmonda respublikada, jumladan, Xorazm viloyati va Qoraqolpog‘iston Respublikasida yillar davomida irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritilishi, yer osti suv zaxiralaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ichki irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish orqali sug‘orish suvlaridan samarali foydalanish masalasi hamda foydalanishdan chiqarib yuborilgan yerlarni qayta tiklash uchun investorlar jalb qilish bo‘yicha ish olib borilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berilgani ta’kidlandi.
Shu bilan bir qatorda, ya’ni vegetatsiya davrida bajarilayotgan ishlar ko‘lami hamda mutaxassislar tomonidan suv tanqisligining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan qisqacha tushunchalar berib o‘tishdi. Talabalar o‘z navbatida o‘quv jarayonida olgan bilimlarini to‘liq ishlatishga va ishlab chiqarish tashkilotining barcha sohalarida yuqori malakali mutaxassislardan foydalanib eng kerakli bilimlarni o‘zlashtirishga va tajriba almashishga so‘z berishdi. Talabalar amaliyotni talab darajasida o‘tashlari, institutda olgan bilimlarini to‘liq amaliyotda qo‘llashlari uchun barcha sharoitlarni tashkilot tomonidan yaratilganligi katta ahamiyatga ega ekanligi e’tirof qilindi.
“Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi dotsenti Baxtiyar Matyakubov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov