Qabul komissiyasi faoliyatiga doir

Bilimli, intellektual salohiyatga ega bo‘lgan abituriyentlarni saralash mamlakat manfaati va uning taraqqiyotiga daxldor masaladir. Qolaversa, davlatimiz rahbari rahnamoligida yoshlarga berilayotgan imoniyatlar zamirida Uchinchi renessansning chinakam bunyodkorlarini saralash maqsadi ham ustuvordir. Xuddi shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 iyundagi “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-5157-sonli qarori ana shu maqsadga yo‘naltirilgani bilan xarakterlanadi.

Barcha oliy ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi TIQXMMIda ham bu masalaga, aniqrog‘i, qaror ijrosiga e’tibor yuqori darajada bo‘layotgani sir emas. Institut rektorining 2021 yil 26 iyundagi “2021-2022 o‘quv yili uchun qabul komissiyasi faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha” 324 a/f-sonli buyrug‘i asosida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Rejasiz ish qolipsiz g‘isht ekani ma’lum. Shunday ekan, 2021/2022 o‘quv yili qabulini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib bugungi kunda uning bajarilishi yuqori saviyada ta’minlanmoqda.

Bu vazifani ado etishda o‘z-o‘zidan tajriba va malakaga tayaniladi. Shuning uchun ham institutda tashkil etilgan qabul komissiyasi tarkibiga tajribali, halol, pok va mas’uliyatli professor-o‘qituvchilar jalb etilgani ahamiyatlidir. Abituriyentlar va ularning ota-onalarida tabiiyki, qabul jarayoni va turli yo‘nalish bo‘yicha savollar tug‘iladi. Abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga tezkor javob berish uchun “Call center” va “Konsultatsiya xonasi” faoliyati har kuni (yakshanba kundan tashqari) soat 09:00 dan 18:00 gacha tashkil etildi. “Call center”da bir vaqtning o‘zida 4 tagacha qo‘ng‘iroqlarga “O‘zbek tili”, “Rus tili” va “Ingliz tili”da javob berish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumotlar berish bori maqsadida telegram “kanal” hamda savollarga javob berish uchun telegram “bot” tashkil etildi;
- institutning rasmiy veb (http://tiiame.uz/uz/page/qabul2021) sahifasi to‘liq yangilandi. Sahifa orqali abituriyentlarga “Onlayn hujjat topshirish” imkoniyati yaratilgani ham ularning vaqtini tejashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Barcha abituriyent va talabgorlarni qiziqtiruvchi muhim omil 2021-2022 o‘quv yili uchun institutning qabul rejasidir.
- bakalavr (kunduzgi) bo‘yicha jami: 1360 ta shundan, 505 ta davlat granti, 855 tasi to‘lov-kontrakt asosida;
- sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha jami: 825 ta to‘lov-kontrakt asosida;
- magistratura bo‘yicha jami: 231 ta shundan, 189 ta davlat granti, 42 tasi to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.


TIQXMMI matbuot xizmati