Eli e’zozlagan baxshining baxti

So‘z san’atining boshlanishi folklordadir degan hikmat behuda emas. Faqat moddiy ne’matlarnigina emas, balki ma’naviy boyliklarning ham yaratuvchisi, ijodkori xalqdir. Shunday ekan, xalq og‘zaki ijodiyoti, ya’ni folklori barcha xalqlarning ko‘ngil va ruhoniyat oynasidir.
Qadimiy tarixiga, boy an’analariga ega bo‘lgan O‘zbek xalq folklorining eng katta janri dostondir. Xalq dostonlarini o‘lmasligini ta’minlaydigan, uni tillardan tillarga, ellardan ellarga, dillardan dillarga ko‘chiruvchi, umr baxsh etuvchilari - baxshilardir. Qoraqalpoqlarda jirov, qozoqlarda oqin, turklarda o‘zan nomlari bilan yuritiluvchi bunday san’atkorlar serqirra iste’dodga ega bo‘lishi bilan ajralib turishadi. O‘zbek dostonchiligining bir nechta maktablari bor. Surxon, Samarqand va Qashqadaryo dostonchilik maktabi vakillari yopiq ovozda, bo‘g‘iz, do‘mbira orqali doston kuylashsa, Xorazm dostonchilik maktabida ochiq ovoz va ansambl bilan tor doira, qo‘shnay va garmon orqali doston ijro etilgan.
Institutimizda har juma kuni muntazam ravishda tashkil etib kelinayotgan “IBRATLI, IQTIDORLI, IJODKOR, ISTE’DODLI INSONLAR” ruknidagi mashhur san’atkor va taniqli insonlar bilan bo‘layotgan uchrashuvlarning navbatdagi mehmoni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, atoqli baxshi Otaxon Matyoqubov bo‘ldilar. 
O‘zbekisto xalq dostonchisi Qurbonnazair Abdullayev – Bola baxshining shogirdi bo‘lgan Otaxon aka Matyoqubov 92 yoshni haqlayotgan ardoqli san’atkorlarimizdan. Ular 40dan ziyod dostonlarni yoddan kuylash orqali quvvai hofizasi baland san’atkor sifatida o‘zining qaynoq qalbi, sho‘x hamda jo‘shqinligi bilan alohida ajralib turadilar. 1970 yildan 2005 yilga qadar O‘zbek davlat filarmoniyasi qoshidagi “DOSTON” ansamblini boshqarib kelganlar. Bugungi kunda Xorazm dostonchilik an’anasini davom ettirib, ko‘plab shogirdlari ardog‘ida kelayotgan Otaxon aka o‘z ijodiy guruhi bilan institutimizning Madaniyat saroyida doston kechasi o‘tkazdilar. 
Ular ishtirokidagi ma’rifiy tadbirda shogirdlaridan Marg‘uba Vahobova, Rasuljonlar ustoz bilan birgalikda jo‘r bo‘lishdi. 
Otaxon baxshi Matyoqubov Xorazm baxshilari repertuaridan muhim o‘rin olgan eposlardan biri “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostonining birinchi qismini kuylab, aniqrog‘i ijro etib talaba va pedagoglarning olqishiga sabab bo‘ldi. Undagi jo‘shqinlik va g‘ayrat dostonga va undagi qahramonlarga hamda muxlislariga bo‘lgan mehr va muhabbatdan ekanini ishtirokchilar yaxshi his etishdi. 
Tadbir nihoyasida institutimiz rektori O‘ktam Pardayevich Umurzakov Otaxon akaga va uning shogirdlariga samimiy minnatdorchiligini bildirib ushbu uchrashuvni bahor faslida yana bir bor tashkil etish zarururatini qayd etib o‘tdilar. Muloqot ko‘ngildagidek mazmunli va maroqli tarzda o‘tdi.

 

“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov