Ilhom chashmasidan tomgan tomchilar
Xalq dengiz bo‘lsa yoshlar uning to‘lqinidir. Bu Prezidentimizning o‘rinli tashbehona e’tirofi. Suvning avji va mavji ham unga berilgan ta’sir kuchidan, aslida. Shunga monand holda aytish mumkinki, har bir iste’dodni ruhlantirish, unga ma’naviy madad berish, to‘lqinlantirish ham muhim. Bu esa yoshlarning iste’dodini yanada gurkirab rivojlanishiga zamin hozirlashi, shubhasiz.
Rektorimiz O‘.Umurzakovning tashabbusi va xayrixohligi bilan institutimizda ta’lim olayotgan iqtidorli, iste’dodli hamda ijodkor bo‘lgan bir guruh talaba-yoshlarning "Ilhom buloqlari" nomli to‘plami chop ettirildi. Institut rektori tomonidan kitoblarni o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi ayricha tarzda o‘tkazildi. To‘plamga nazmiy va nasriy asarlari kiritilgan ijodkor talabalarning quvonchdan ko‘zlari porlab turardi. Ular qo‘llariga kitoblarni olish asnosida benihoya shod bo‘lib o‘zaro bir-birlarini tabriklashar va majmuadan o‘rin olgan ijod durdonalari, rasmlariga tikilib ko‘zlari to‘ymas, qalblarida ajib bir g‘ururni tuyishardi.
Institut rektori bu birinchi kitobligini ta’kidlab, ijodkor talabalar safi yanada kengayishini hamda har yili bittadan shunday to‘plam chop ettirish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi. Ishonamizki, endilikda adabiyot va san’atga ixlosi baland bo‘lgan ijodkor talabalarning safi yanada kengayadi. Chanqoq inson suvga qay darajada tashna bo‘lsa, ma’naviyat va ma’rifatga oshna odam ham kitobga, san’atga, she’riyatga shu darajada chanqoq bo‘ladi. Suv ekinning joni va qoni deymiz. Demak, so‘z san’atini ham ma’naviyatning jon tomiri, ma’rifatning qon tomiri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Obi hayotsiz tiriklikni tasavvur qilish mushkul bo‘lgani kabi, insoniyat umrining mazmunini ham san’atsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Suv tiniq, zilol bo‘lsa, uni qancha iste’mol qilsangiz, sizga shuncha foydali va shifobaxshdir. Odatda, buloq suvi ana shunday xususiyatga ega. Shuning uchun ham ko‘z ochgan buloqqa ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishadi. Odatda, buloq suvlari irmoqlardan tarmoqlanib soylarga, undan esa daryo, dengiz nihoyat ummonga qo‘shiladi.
Kasb nuqtai nazaridan Irrigatsiya yo‘nalishi bo‘lsa-da, san’atga muhabbat, nazm-u nasrga mehri bois, o‘z tuyg‘ularini, taassurot va kechinmalarini badiiyat tili bilan ifodalashga bo‘lgan layoqat iste’dod uchqunlarini talant alangasiga aylanishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa neajab? Gap institutimizda tahsil olayotgan, she’riy va nasriy mashqlari bilan e’tiborga tushayotgan iste’dodli talabalarimiz haqida. Ularning ijod namunalari oldiniga vaqtli matbuotda, gazeta va jurnallarda chop etilgan. Endilikda talabalarning ijod namunalari alohida majmua sifatida nashrga tayyorlandi. Bu ayni paytda ta’lim muassasamiz tashkil etilganligining 85 yilligi oldidan munosib tuhfa bo‘ldi deyish mumkin.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov