Adib nomidagi ijod maktabida
10-aprel kuni ertalab soat millari 9:00 ni ko‘rsatganida delegatsiyamiz a’zolari ertalabki nonushtani qilib bo‘lgach, o‘zlari uchun ajratilgan ulkan avtobusga chiqishdi. Adib nomidagi ijod maktabiga borildi. Bu ta’lim maskaniga kirib borishda maktab-internat jamoasi, o‘quvchi va o‘qituvchilari qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha ochiq chehra bilan kutib olishdi. So‘ngra adib haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib shoir sharafi uchun ta’zim bajo keltirildi. Ijod maktabining hashamatli keng zaliga kirishdan oldin, jamoa ulug‘ shoirimizning serqirra ijodiyoti va shoirning keng ko‘lamli hayotiy faoliyatini aks ettiruvchi eksponatlar bilan bezangan muzeyni ko‘zdan kechirishdi. Ijod maktabining matlabi
Institutimiz jamoasining maktab-internat bilan o‘zaro muloqoti va hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa ancha ijobiy natijalarni berayotgani sir emas. Tomosha zaliga kirgach o‘zgacha bir manzaraning guvohi bo‘ldik. Go‘zal zalga monand muzayyan qilingan sahnaga ikkita yosh boshlovchi chiqib keladi. Ular chiroyli va mazmundor so‘zlar bilan davrani ochgach, professor Abdurahim Erkayevga so‘z berishdi. Ustoz esa shoirning hayotiy va ijodiy faoliyatiga doir qimmatli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar. Keyin esa ijod maktabining direktori Ubaydullo Oripov so‘z oldi. U tashrif buyurgan mehmonlarga samimiy minnatdorlik izhorlarni bildirib, shoir ijodiy faoliyatini o‘quvchilar onggiga singdirish bobidagi sa’yi harakatlari haqida so‘zladi. Keyin TIQXMMI prorektori Ruzimurot Choriyev so‘zga chiqdi. U o‘z so‘zida Abdulla Oripovga bag‘ishlangan ko‘plab onlayn va oflayn tarzida ta’lim muassasamizda o‘tkazilgan anjumanlardagi ikki tomonlama hamkorlikni ta’kidlay turib buning izchil va tizimli bo‘lishi zarurligini uqtirib o‘tdi.
Xuddi shunga monand holda shoirning rafiqasi Hanifa opa Mustafoyeva so‘zga chiqib shoirning umr saboqlari haqida so‘zladilar. Keyin shoirning hayotiy va ijodiy faoliyati haqida videoro‘lik namoyish etildi. O‘quvchi yoshlarning ketma - ket badiiy chiqishlari tadbir qatnashchilarning ko‘nglini rom etdi. Ayniqsa, shoiring qalamiga mansub bo‘lgan “Jannatga yo‘l” dramasi asosidagi sahnaviy ko‘rinish o‘quvchi yoshlarning chinakam aktyorlarga xos ijrosi, ularning so‘zni his eta olish qobiliyati hayratlanarli edi.
Ijod maktabi jamoasining matlabi, ya’ni maqsadi ijodkor yoshlarning iste’dodini yanada yuksaltirish, ilm-fan cho‘qqilarni zabt etish yo‘lidagi g‘ayrat shijoatini oshirish ekani qayd etildi. Bu yo‘lda ularga omad va muvaffaqiyatlar tilandi. So‘ngra barcha jamuljam bo‘lib avtobusga chiqishdi va Abdulla Oripovning tug‘ilgan ona qishlog‘i tomon yo‘l olishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati