Iste’dod uchqunini alangalatgan manzil

Koson tumanidagi shoir tug‘ilgan Neko‘z qishlog‘i, kindik qon to‘kilgan makon. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki “Neko‘z” mo‘jazgina qishloq bo‘lib, shoirning bolalik damlari kechgan, unga ilhom baxsh etgan so‘lim ma’vo bag‘ridagi uylardan biriga kirib bordik. Uy asl holatida saqlangan bo‘lib, shoirning bolalikdagi suratlari ilingan, oyoq ostiga tashlangan namat, sholcha ham beixtiyor adibning bolalik paytlariga xayolni olib ketadi. Biz bilan suhbatda bo‘lgan Abdurahim aka Erkayev yosh Abdullaning ko‘kragini еrga berib yostiqni quchoqlagancha kitob mutolaa etishi, o‘z tuyg‘ularini qog‘ozga tushirishi aynan shu xona bilan bo‘lganini uqtirdi, Rus klassiklaridan Pushkin, Lermontov, Yesenin asarlarini sevib mutolaa qilish, tarjima qilish havasi, aynan shu xonada tug‘ilgani aniq. So‘ngra suhbatga shoirning rafiqasi kelib qo‘shildilar.

Hanifa opa o‘zi kelin bo‘lib tushgan xonani ko‘rsatib, o‘tmish xotiralarni eslab ko‘zlariga yosh oldilar. Bir kuni Abdulla aka jonajon o‘rtog‘ini to‘yiga bormoqchi bo‘ladi. Lekin otasi Ubaydulla aka ruxsat bermaydi. Qanday bo‘lmasin o‘rtog‘ining to‘yiga borisi kerak edi, so‘ngra uyning orqa derazadan oshib tushganini, Hanifa opa esa uning tuflisini olib deraza orqali unga uzatganini kulib gapirib berdi. So‘ng bog‘dagi o‘rik daraxtining tagiga qo‘yilgan chorpoya atrofiga jam bo‘ldik. Mahalla imomi shoir ruhini shod etish ma’nosida qur’on tilovat qildi. Hammamiz duoga qo‘shildik. So‘ngra asli qishloq xo‘jaligi xodimi bo‘lgan 75 yoshni haqlagan va oqlagan Sobir ota Shomirov xotirotlarini eshitishga tutindik. Sobir ota o‘zining Neko‘z qishlog‘i nomining ta’rifi, u еrda yashagan oilalar haqidagi mulohazalar aks etgan “Unutish osonmas” nomli risolasini, yig‘ilganlarga tarqatdi.

So‘ngra o‘zining Abdulla aka haqidagi xotirotlarini hikoya qilib berdi. O‘g‘li, viloyat hokimining o‘rinbosari Olloyor Boymirov ma’rifatparvar inson sifatida  qishloq tarixi va odamlari haqida kitob yozishni maslahat bergani, shu asosida ushbu kitob dunyo yuzini ko‘rgani borasida mamnuniyat bilan so‘zladi. Biz bir haqiqatni anglab еtdik. Iste’dod sohibini dastavval, qishlog‘i mashhur qilsa u xalqqa manzur bo‘lgandan keyin, qishlog‘ini mashhur qiladi. Biz Neko‘zni izlab borganimizda Abdulla Oripovni qishlog‘i qayerda deb so‘rasak, еtti yoshdan еtmish yoshgacha darhol ko‘rsatishardi. Bu chinakam baxt emasmi? Neko‘z hayratimiz sababigina emas, balki u еrda Abdulla akaning ruhi go‘yo ne so‘z bilan, ne yuz bilan keldingiz deyayotgandek bo‘ladi.  Biz balki bu еrni nek ko‘zli, ya’ni yaxshi qarashli, ezgu niyatli, nekbin kayfiyatli insonlarning manzilgohidir degimiz keldi.

 

 ТИҚХММИ матбуот хизмати