4 - Talabalar turar joyi yangi qiyofada

Buyuk bunyodkorlik maydoniga aylangan azim poytaxtimiz barchamizning ko‘z o‘ngimizda kundan-kunga chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etib borayotgani sir emas. Bugun talabalarimiz ixtiyoriga topshirilgan mazkur talabalar turar joyi ham, ana shunday mamlakatimizdagi bunyodkorlik namunasidir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Institutimizning 4 - talabalar turar joyining ochilishi marosimida professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etib benihoya xursand bo‘lishdi. Talabalar uchun yaratilgan sharoit, shinam xonalar va stol-stullar va zamonaviy tarzda bezatilgan ma’naviy hordiq chiqarish uchun maxsus o‘rindiqlar har bir kishini o‘qishga bo‘lgan qiziqishini orttirishi tabiiy.

Mazkur talabalar turar joyi ushbu qiyofaga kirishida ko‘pchilikning mehnati singdi. Me’morlar, qo‘li gul quruvchilar, hattoki, kichkina xizmati bilan o‘z hissasini qo‘shgan kishilarga kattadan-katta rahmat aytamiz, - deya institutimiz rektori talabalarga yotoqxonaning topshirilishiga bag‘ishglangan tadbirdagi kirish nutqida o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Donishmand xalqimizning, “To‘yga to‘yona bilan” – degan naqliga amal qilgan holda ushbu talabalar turar joyini institutimizning 85 yillik yubileyi arafasida foydalanishga topshirilishi ham bugun o‘zgacha mazmun kasb etdi.

Tan olib aytish kerakki, bugungi avlod biz kattalar havas qilsak arziydigan sharoitlarda tahsil olmoqda. Talaba uchun zarur bo‘lgan zamonaviy shart-sharoitlarning barchasi ushbu foydalanishga topshirilayotgan talabalar turar joyida mujassam. Barcha xonalarda yumshoq va qattiq mebel mavjudligi, darsxonalar, sport bilan shug‘ullanish imkoniyati, darsdan bo‘sh vaqtda ijodiy to‘garaklarning borligi har bir talabaning ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishi tabiiy hol.

Farzandlarimizning doim baxtli-saodatli, elu yurt manfaati yo‘lida doimo o‘z bilimi va salohiyatini namoyon etishi uchun tinmay intilayotgan, hammani ana shunday ishga safarbar qilayotgan muhtaram Prezidentimiz g‘oyalariga sadoqat ruhini anglash qiyin emas.

Institut Matbuot xizmati rahbari R. Jumaniyozov