Toshkent shahrida ilk bora Ekopiknik bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 9 noyabr kuni Toshkent botanika bog‘ida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Yunusobod tumani partiya tashkiloti, Markaziy Osiyo yoshlari suv tarmog‘i Qozoq-Nemis universiteti va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq ho‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan hamkorlikda “Atrof-muhit barqarorligi yoshlar qo‘lida” mavzusida Ekopiknik, hamda Ekoharakat Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi tomonidan “Yosh avlodning voyaga yetishida ekologik tarbiyaning o‘rni” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur Ekopiknikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zolari, Toshkent Botanika bog‘i xodimlari, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislik instituti Suv ho‘jaligini tashkil etish va boshqarish fakulteti o‘qituvchi va “Suv ho‘jaligida ekologik xavfsizlik” yo‘nalishi 206 - guruh talabalari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.
Ekopiknikni o‘tkazishdan maqsad, yoshlar ongida atrof–muhitga bo‘lgan e’tiborni oshirish, yosh avlodning ekologik va estetik madaniyatini yuksaltirish, ularning tabiat haqidagi bilim va intellektual salohiyatini ruyobga chiqarishiga ko‘maklashish, ularni Ona tabiat va uning ne’matlariga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, atrof–muhitni muhofaza qilish ishlariga yoshlarni keng jalb qilish, ozodalik va obodlik kabi milliy an’analarimizni yoshlar ongiga singdirish, o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan yoshlarni har tomonlama barkamol sog‘lom farzandlar bo‘lib voyaga yetishlarida atrof tabiiy muhitning tozaligi, musaffoligi naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilishdan iboratdir.
Tabiat - tirik jonlarning onasi. U insoniyatni kiyintiradi, oziq – ovqat bilan ta’minlaydi, nafas olish uchun kerak bo‘lgan toza havoni yetkazib beradi. Ona tabiat nihoyatda go‘zal, uning insoniyat uchun marhamati keng. Bu ko‘rkam serxosiyat nabobot olami dilga huzur bag‘ishlaydigan, tarovatli bog‘u rog‘lari, ko‘kni suyab turgandek azim tog‘lari, bag‘ri keng vodiylari, turfa rangli chamanlari bilan go‘zal. Shu jihatdan atrofni yashil belbog‘ bilan o‘rash inson salomatligi va tabiat musaffoligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Ekopiknik doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Yunusobod tumani partiya tashkiloti hamda Markaziy Osiyo yoshlari suv tarmog‘i Qozoq-Nemis universiteti tashabbusi bilan 70 ga yaqin ko‘p yillik manzarali gullar Toshkent Botanika bog‘i hududiga ekildi.
Xulosa sifatida aytishimiz mumkinki, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning tub negizida aholi farovonligini mustahkamlash, sog‘ligini saqlash, yosh avlodlarga qulay ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muhit yaratish alohida o‘rin tutadi. Ekopiknik ishtirokchilari mana shunday xayrli ishlarni amalga oshirish orqali mamlakatimizning bebaho tabiati, atrof–muhit musaffoligini ta’minlash va tabiiy muhitni saqlash bugungi kunda naqadar muhim vazifalarimizdan biri ekanligini, bunday ishlarni amalga oshirishda har tomonlama har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak ekanligini chuqur anglab yetdilar.
O‘zbekiston ekologik harakati hududiy bo‘limlar va harakat faollari bilan ishlash bo‘limi koordinatori, TIQHMMI SHTE va B fakulteti “Suv ho‘jaligida ekologik xavfsizlik” yo‘nalishi 206 guruh talabasi Habibov Hasan G‘ulom o‘g‘li axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov