Salomga yarasha alik nima o’zi?
Assalomu alaykum, azizlar! So’zimizning avvali bejiz bunday boshlangani yo’q. Sizga faqat yaxshilikni istaguvchi qalam egasi sifatida qalbimiz ezgu niyatlarni ushbu kalom orqali havola etishni ma’qul topdi. Darhaqiqat, har bir xalqning o’ziga xos salomlashish odobi mavjud. Biroq, sharqona salomlashish uslubimizning inson dilini yayratuvchi, betakror go’zallik va chuqur ma’nolarni o’zida aks etuvchi jihatlari borasida qancha so’zlasak, ozdek tuyulaveradi. Nega bundan so’z ochayotganinmizning boisi bor, albatta. Ba’zan ko’cha –ko’yda, ustozlarni ko’rganda salomni kanda qilayotgan talabalarimizga nigohimiz tushganda, nahotki salomlashishning muloqot va muomala jarayonidagi o’rnini bilishmaydi degan xayolga borasan kishi. Salomlashish insonlararo mehr-u muhabbatni kuchaytiribgina qolmay, balki ular orasidagi do’stlikni mustahkamlaydi. Qo’l berib yoki quchoqlashib ko’rishish, salomlashish kabilar nasliy yaqinlik va yosh bilan, jins bilan tafovut kasb etsa-da, bu muloqotning samimiyligi va yaqinlikni bildiruvchu mezondir. Ba’zan “salom bersam, alik olmaydi qanday odam bu, ko’zini yog’ bosib, burni ko’tarilib qolibdimi?” - qabilidagi ginanamo, araz ohangidagi e’tirozlar ham quloqqa chalinib qoladi. Bobolarimizning ushbu o’gitlari doimo yodimizda turishi foydadadan xoli emas. “Salom Allohning farzi, mabodo sen kimgadir salom bersang-u u alik olmasa, xafa bo’lishga hojat yo’q, alikni farishtalar oladi, bandadan ko’ra farishtalarning alik olishi yuqori rutbadadir.
“Assalomu alaykum” asli arabcha so’z bo’lib, “sizga sog’lik, omonlik, tinchlik tilayman” degan ma’noni anglatadi. Insonlarning salomlashish orqali o’zaro samimiy bo’lishi, bir-birlariga yaxshilik tilashi dunyodagi barcha xalqlarga xosdir. Garchi ularning yozilishi turli xil bo’lsa-da, ma’no-mohiyati o’xshash desak, also mubolag’a bo’lmaydi. Shu o’rinda “Odamlarning yaratganga eng yaqini boshqalarga avval salom berganidir” jumlalari yodimizga tushadi. Insonlarning bir-birlari bilan salomlashib yurmog’i, ularning o’rtalaridagi munosabatlarning samimiyligiga sabab bo’lishini inkor eta olmaymiz. Oqil va odobli kishi do’stlari va yaqinlari bilan uchrashganda, odamlar oldidan o’tayotib, biror majlis yoki jamoat joyiga kirganda, “Assalomu alaykum”, deb salom berishi zarur. Ulovdagi kishi – piyodaga, piyoda ketayotgan odam – o’tirganga, ozchilik – ko’pchilikka, kichiklar – kattalarga birinchi bo’lib salom beradi. Salom to’liq, so’zlarini buzmay, odob bilan berilishi darkor. Salomning “somaleykum” tarzida buzib talaffuz etilishi, bu so’z ma’nosini mutlaqo salbiy tomonga o’zgartirib “sizga o’lim tilayman” shaklida namoyon bo’lishidan xabaringiz bormi?! Agar xabaringiz bo’lmasa, endilikda salom berishda yanada e’tiborli bo’lasiz va sharqona go’zal odob bilan salomlashishga odatlanasiz degan umiddamiz.
TIQXMMI matbuot xizmati