Institutda umuxalq hashar tadbiri
Yangilanish fasli kelishi bilan ona-tabiatning o‘zi zaminga sayqal beryapti. Yon-atrofni yashillikka burkamoqda, daraxtlar shoxlariga gulu chechaklar taqayotir. Lekin bahor nafasiga hamohanglik zarur. Tabiatning ishiga ham ko‘mak kerak. “Navro‘z”ning qadimiy falsafasi — shu! Qolaversa, bu umumxalq bayrami oldidan o‘tkaziladigan an’anaviy xayriya hasharlarining asl mohiyatini ham yaqqol ifoda etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan, joriy yil 14-15 mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab “Obod yurt“ umumxalq obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish xayriya hashari o‘tkazilishi munosabati bilan institutimizda ham ishlar jonlanib ketdi. Aslida, bunday keng miqyosli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari yoshlarning jipsligini sinovdan o‘tkazadi. Hashar deyilsa, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lganlar belini mahkam bog‘lab ezgu ishga otlanadi.
Institutimizda umumxalq hashari o‘tkaziladigan kunlari har bir fakultet o‘z hududlarida daraxt va gul ko‘chatlari ekib, bog‘ va gulzorlar yaratish, mahallalar, ta’lim muassasalari, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar va qabristonlarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish ishlariga bosh-qosh bo‘ladilar. Shuningdek, institutmiz professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlarining bir jamoa bo‘lib hashar ishida ishtirok etayotganligi quvonarli holat. Ishonchimiz komilki, 14-15 mart kunlari institutimiz jamoasi va talaba-yoshlari mazkur umumxalq ishidan chetda turmaydi.
TIQXMMI matbuot xizmati