Hamkorlikdagi matbuot anjumani

2019 yil 13 iyun kuni Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida bo‘lib o‘tgan mazkur anjumanda vazirlik mutaxassislari, soha olimlari, bitiruvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanini Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A.Mirzaev kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida suv xo‘jaligi tizimini rivojlantirish, suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanishni yo‘lga qo‘yish, bunda resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy eta turib, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil yetishtirish orqali xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi. Sohada samaradorlikka erishish ko‘p jihatdan zamonaviy, mustaqil fikrlaydigan, bilimli va tashabbuskor kadrlarga bog‘liq. Zero, yaxshi kadrlar yetishtirmasdan, ularni saralab, munosib joylarga qo‘ymasdan hech qaysi bir sohani rivojlantirib bo‘lmaydi.

Matbuot anjumanida institutimizning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Mirzaev Bahodir Suyunovich so‘zga chiqib institutimizda malakali kadrlar tyyorlash borasida olib borilayotgan samarali ishlar va xorijiy davlatlar bilan keng qamrovli hamkorlikning natijalari borasida taqdimot orqali mufassal ravishda ma’lumot berib o‘tdilar. Anjumanda qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq vazirlik tizimiga 280 ta byudjet, 72 ta xo‘jalik hisobidagi tashkilotlar biriktirilgan bo‘lib, ularda qariyb 40 ming nafar mutaxassis-xodim faoliyat yuritib kelmoqda. Jami xodimlarning 7400 nafari oliy ma’lumotli mutaxassislar, 18256 nafari o‘rta maxsus va 14267 nafari o‘rta ma’lumotlidir.

Vazirlik nomenklaturasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 2018 yilda tizimdagi tashkilotlarda ishlayotgan 291 nafar rahbar-xodimlarning malakasi oshirildi va ularga tegishli sertifikatlar berildi. Bundan tashqari, o‘tgan bir yil ichida vazirlik tizimidagi tashkilotlardan 100 nafarga yaqin xodim dunyoning rivojlangan davlatlarida malaka oshirib qaytdi. Vazirlik kadrlar boshqarmasi tomonidan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va uning Buxoro filialini oxirgi uch yilda tamomlagan bitiruvchilarning ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Shu asosda 300 ga yaqin yosh mutaxassislar ishga qabul qilindi.

Mamlakatimiz suv xo‘jaligi tizimiga mutaxassis-kadrlar asosan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tomonidan yetkazib beriladi. Vazirlik bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, institut talabalarining o‘quv-tanishuv va ishlab chiqarish amaliyotlari tizimdagi tashkilot va korxonalarda tashkil etilmoqda.

Institutni joriy yilda davlat granti asosida bitirayotgan 200 nafardan ortiq talabalar Suv xo‘jaligi vazirining yo‘llanmasi orqali tizim tashkilotlariga ishga yuboriladi. Ular kamida 3 yil ishlab berishlari kerak. Bu davrda barchasi vazirlikning Kadrlar boshqarmasi va hududiy boshqarmalar tomonidan alohida e’tiborda bo‘ladi. Aholi yashash hududlaridan uzoqda joylashgan ob’ektlarga ishga yuborilganlar yotoq joy va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanadi. Shu tarzda kelgusida har yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti va uning Buxoro filialini irrigatsiya va melioratsiya yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida bitirganlar vazirlik yo‘llanmasi bilan ishga joylashtiriladi.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov