Aqlli boshqaruv siri nimada?
O‘z sohasining bilimdonlari, tajribali mutaxassislar bilan suhbat maroqli va ayni paytda foydalidir. Bu esa natijadorlikka, ish va o‘quv jarayonidagi yutuq va samaraga boshlab boradi. Shuning uchun ham turli o‘quv yurtlarida faoliyat yuritayotgan pedagog, professor o‘qituvchilarni chorlash ular bilan tajriba almashish mazmunida ijodiy muloqotlar uyushtirish ta’lim tizimining sifati va samarasiga ijobiy ta’sir etishini bilmaslik insofdan emas. Ta’lim muassasalararo ustozlarning o‘zaro taklif qilish va tashriflarini tizimli amalga oshirish ham maqsadga muvofiqdir. Institutimiz rektorining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasining "Boshqaruv kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash" fakulteti dekani Xasanov Atabek Abdirashidovich bilan tashkil etilgan ijodiy muloqot samarali tarzda bo‘lganini e’tirof etish o‘rinlidir.
Institutimizning professor o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan ushbu muloqotda Otabek Xasanov boshqaruv jarayonida, ta’lim tizimida ish unumiga ta’sir etuvchi salbiy omillar va ularni bartaraf etish, vaqtdan unumli foydalanish yo‘llari borasida hayotiy misol va nazariy asoslar bilan bog‘liq mulohazalarini o‘rtoqlashdi. Jumladan, “aqlli boshqaruv”ning joriy qilish pog‘onalarini asoslab misollar keltirish asnosida jonli va samimiy tarzda ifodalab bera olgani ko‘pchilikka ma’qul keldi. Uning ushbu etaplarini bilishgina emas, amal qilish zarurligini ham ta’kidlab o‘tdi. Maqsadni aniqlashtirish, taktikani ishlab chiqish, avtomatik ishlaydigan tizimni yaratish, natijani baholash va monitoring qilishgina izchillik va tizimlilikni ta’minlashini taqdimot dasturi orqali asoslab berdi. Ayniqsa, uning ushbu iborasi, aytish mumkinki, aforizmi, hikmatli o‘giti barchaga birdek ma’qul keldi. "Agar maqsadga erisha olmayotgan bo‘lsangiz, maqsadni emas, balki taktikani o‘zgartiring." Dono fikr!
Demak, hayotiy qoidalargina bizga foydali bo‘ladi, ta’lim tizimini yuksaltirishga xizmat qiladi. Har bir insonda, jamoada ushbu tartib va tarkib bo‘lishi hamda amal qilishi zarur. Bular: kreativlik, kommunikativlik (kirishimlilik), taym-menejment va innovatsiya. Otabek Xasanov har biriga alohida to‘xtalib izohlar berib o‘tdi.
Shuningdek, Tomas Alva Edisonning ushbu fikrini bejiz keltirmadilar. “Innovatsiya bu 1% , ilhom va mehnat esa 99% dir. Demak, o‘z-o‘zidan harakat va izlanish, tinimsiz intilishgina maqsadlarning ro‘yobini beradi. U o‘z nutqida taassuf bilan bir fikrni e’tirof etdi. Bu ta’lim sohasida, boshqaruv jarayonida tizimli fikrlashning yo‘qligidir. Maqsad aniq bo‘lgani bilan uni amalga oshirish taktikasi muhim. Bu esa kommunikativ kompetensiya, kirishimlilik, til taktikasidan foydalana olish uquvi, ritorik mahorat bilan bog‘liqdir. Muloqot yakunida institut rektori O‘ktam Pardaevich Umurzakov Otabek Hasanovga bir og‘iz so‘zlari bilan ijodiy uchrashuvga rozilik bergani uchun minnatdorchilik bildirib o‘z hurmatini izhor qilish asnosida jamoa nomidan ramziy sovg‘alarni armug‘on etdi.
Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov