Irrigatsiya tizimlaridagi ishlab chiqarish muammolari yoshlar nigohida
Ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasi, amaliyotdagi muammolarning ilmiy-innovatsion yechimlarini ishlab chiqish va bu jarayonda bevosita talabalar ishtirokini ta’minlash bugungi kundagi oliy ta’lim muassasasi oldiga qo‘ygan muhim vazifalardan biridir. Bu vazifani bajarish esa bir qator tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi. 2019-yilning 11-oktyabr kuni irrigatsiya tizimlari sohasi vakillari va iqtidorli talabalar uchrashuvi tashkil etildi.
Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Sh.Imomov, "Gidromelioratsiya" fakulteti dekan muovini L.Samiev hamda Iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish bo‘limi xodimlari tashabbusi bilan Nukus tumani irrigatsiya tizimlari bo‘limi boshlig‘i K. Temirxonov, Amudaryo tumani irrigatsiya tizimlari bo‘limi boshlig‘i X. Qalandarov, Yangiariq tumani irrigatsiya tizimlari bo‘limi boshlig‘i O. Ernazarovlar bilan “Irrigatsiya tizimlaridagi ishlab chiqarish muammolari yoshlar nigohida” mavzusida davra suhbati tashkillashtirildi. Davra suhbatida Gidromelioratsiya va Gidrotexnika qurilishi fakultetlari talabalari ishtirok etishdi. Davra suhbati yuqori darajada bahs va munozara kayfiyatida o‘tdi. Sh. Imomov suhbat kirish so‘zida yoshlarning ilmiy izlanishlari e’tiborini aynan ishlab chiqarishdagi mavjud muammolar yechimlariga qaratishida bu tadbirning ahamiyati haqida qisqacha gapirib o‘tdi.
Shundan so‘ng mehmonlar tanishtirildi va ularning tizimdagi faoliyatlari haqidagi ma’lumotlari tinglandi. Bahs-munozaralar uchun kirish savoli sifatida dekan muovini L.Samievning suv havzalari va irrigatsiya tizimlari boshqaruvi, taqsimot va uni tashkil etishdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risidagi savoli berildi. Ushbu savolga Nukus tumani irrigatsiya tizimlari bo‘limi boshlig‘i K. Temirxonov Suv xo‘jaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasi va uning tasarrufiga kiruvchi tashkilotlar, yuqoridan boshlab quyi bo‘g‘inlardagi ishning tashkil etilishi, suvni taqsimlash mexanizmining ishlashi va ahamiyati haqidagi ma’lumotlar orqali javob berdilar.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni navbat bilan bera boshlashdi. "Gidromelioratsiya" fakulteti 3-kurs talabasi S.Jalilovning “talabalar ishlab chiqarish amaliyotlarini bevosita soha tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borishni amaliyotga joriy qilish ularni keyinchalik, mehnat faoliyatlarini tashkil etishda poydevor vazifasini bajaradi. Shu tajribani amaliyotga joriy qilish kerak”- deya bergan taklifi mehmonlar tomonidan iliq kutib olindi.
Amudaryo tumani irrigatsiya tizimlari bo‘limi boshlig‘i X. Qalandarov savollarga javob berish jarayonida Amudaryo suvning loyqaligi, mavjud gidrotexnik inshootlar rekonstruksiyasi va ekspluatatsiyasi, suv taqsimlashdagi yerning tekisligi ahamiyati, daryo o‘zanini nazorat qilish va undagi isrofni kamaytirish, yangi texnologiyalar olib kirilganda ham ularni ishlatish uchun mahalliy kadrlar yetishmasligi kabi mavjud muammolarni aytib o‘tdi. Shunday bo‘lsada, oliy ta’limni yakunlab, bakalavr darajasi bilan ishga borayotgan mutaxassislar saviyasi yildan-yilga ijobiy o‘zgarayotganligini ta’kidlab, o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotda 2019-yil hisobidan 10 nafar bizning institut bitiruvchilarini ishga qabul qilinganligini ta’kidlab o‘tdi. Talabalarning ishga joylashishda kadrga qanday talablar qo‘yiladi deya berilgan savoliga tashkilotda yetakchi mutaxassislardan tuzilgan 5 nafar a’zodan iborat komissiya tashkil etilganligi va har bir kadr sohaga oid bilimlar doirasida savollar beriladigan suhbat asosida qabul qilinishini aytib javob berib o‘tdilar.
Davra suhbati qizg‘in va samimiy kayfiyatda davom etib, berilgan barcha savollarga amaliy tajribalar asosida batafsil javoblar berildi. Munozara va fikr almashishlar tadbir yakunlangandan so‘ng ham institut hovlisida davom etdi. Talabalarni ishlab chiqarishdagi shart-sharoitlar haqidagi tasavvurlari ancha kengaydi. Ilmiy izlanishlarini to‘g‘ri yo‘naltirish uchun aniq muammolar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bunday uchrashuvlarni doimiy har bir sohaning tegishli vakillari bilan tashkil etish va ular bilan hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish Ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasi, amaliyotdagi muammolarning ilmiy-innovatsion yechimlarini ishlab chiqish va bu jarayonda bevosita talabalar ishtirokini ta’minlashning asosini tashkil etadi.
Iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish bo‘limi xodimi Dilmurod Akbarov axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov