Geoinformatika qo‘shma ilmiy tadqiqot markazi ochildi

O‘zaro hamkorlik natijalari mamlakatlarning manfaatli taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Yevropa Ittifoqi davlatlari, jumladan, Vengriya, Avstriya, Germaniya, Shvetsiya, Xorvatiya, Sloveniya, Bolgariya, Chexiya, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston oliy ta’lim muassasalari bilan o‘rnatilgan o‘zaro hamkorlik aloqalari natijasida ta’lim va ilmiy sohasida bir qancha loyihalarni amalga oshirib keladi. Jumladan, Yer hamda suv resurslarini boshqarish va geoaxborot tizimlari bilan bog‘liq bo‘lgan TEMPUS LAREMA, TEMPUS SWAN, TEMPUS GE-UZ, Erazmus+ DSinGIS va Erazmus+ NICoPA loyihalari hamkorlikda amalga oshirildi va bugungi kunda ham bu jarayon davom etmoqda. Mazkur loyihalar natijasida Respublikada Yer hamda suv resurslarini boshqarish va geoinformatika bo‘yicha yangi magistratura hamda doktorantura mutaxassislik va ixtisosliklari ochilgan.

Bugungi TIQXMMI va Vengriyaning Obuda universiteti o‘rtasida Geodeziya va Geoinformatika bakalvriatura yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma dastur shartnomasining imzolanishi hamda DSinGIS va NICoPA loyihalari doirasida tashkil etilgan “Geoinformatika qo‘shma tadqiqot markazi”ning ochilishi ham loyihalar doirasidagi asosiy vazifalardan biridir. Mazkur markazning rasmiy ochilishi tadbirini Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti birinchi prorektori, professor B.Mirzayev ochib berdi. Undan so‘ng Obuda universiteti rektori Professor L.Kovach, “Geoinnovatsiya markazi” DUK direktori A.Abdullayev va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish markazi direktori Z.Tadjixodjayev tadbir ishtirokchilariga o‘zlarining iliq fikrlari va tabriklarini yetkazishdi. Shundan so‘ng, ishtirokchilar “Geoinformatika qo‘shma tadqiqot markazi” va unda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar hamda Erazmus+ DSinGIS va NICoPA loyihalari Milliy koordinatori I.Abduraxmanovning mazkur loyihalar va ular doirasida erishilgan natijalar to‘g‘risidagi taqdimoti tinglandi.

Ushbu markaz tarkibida DSinGIS loyihasi doirasida tashkil qilingan GAT tadqiqot va elektron o‘quv xonalari, Ma’lumotlar bazasi xonasi, NICoPA loyihasi doirasida tashkil qilingan Aniq (koordinatali) qishloq xo‘jaligi xizmat ofisi va raqamli o‘quv xonasi, Tempus GE-UZ loyihasi doirasida tashkil qilingan Geoinformatika laboratoriyasi mavjud. Mazkur markaz uchun DSinGIS loyihasi hisobidan jami 145 ming yevro, NICoPA loyihasi hisobidan esa 32 ming yevro miqdoridagi jihozlar harid qilingan. Ushbu “Geoinformatika qo‘shma tadqiqot markazi”ning asosiy vazifasi qishloq va suv xo‘jaligi ob’ektlari holatini tahlil va monitoring qilish hamda ularni boshqarishda Geoinformatikani qo‘llash orqali qishloq va suv xo‘jaligi, atrof-muhit muammolarini bartaraf qilish uchun qarorlar qabul qilishga yordam beruvchi amaliy dasturlar va innovatsion usullarga asoslangan tadqiqotlar olib borishdan iborat. Shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligi, yer resurslarini boshqarish, kadastr sohalari xodimlari uchun geoinformatika va masofadan zondlashni sohada qo‘llash bo‘yicha turli treninglar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, bakalavriatura, magistratura va tayanch doktorantura talabalarini o‘qitish orqali ularning bilimlarini oshirishdan iborat.

Institutimizda “11.00.07 Geoinformatika” ixtisosligi bo‘ycha tashkil etilgan ilmiy kengashda Vengriyaning 2ta OTMlaridan 2 ta professor o‘qituvchilar (professor Bela Markush, doktor Lorant Foldvari) kengash a’zosi sifatida ish olib bormoqda va institutning “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasida talabalarimizga masofadan ta’lim berib kelmoqdalar. Institutning 2 nafar yosh tadqiqotchilari 2020 yilda Vengriya milliy stipendiyasi (Stipendium Hungaricum) sohiblari bo‘lib, hozirda Vengriyaning Seget universitetida doktoranturada tahsil olayotgani quvonarlidir.

TIQXMMI matbuot xizmati