Namunali kiyinish ham odobdir
Inson odobi bilan go‘zaldir. Shuning uchun ham tabiatdagi boshqa mavjudotlardan farq qilib turadi. Kishi qancha yoshga kirmasin, to hayotdan ko‘z yumguncha tarbiyaga, odobga, axloqqa muhtojdir. Bilimli, ilmli odam bo‘lishi mumkin, ammo odamning odob-axloqi talab darajasida bo‘lmasligi mumkin. O‘rta Osiyodagi axloq, odob, oila haqidagi qarashlarning boshida xalqning o‘lmas madaniyati yorqin nur sochib turadi. Aytilgan so‘zlarning uddasidan chiqishdek mardlik, kechirimlilik, botirlarga xos insoniylik, oliyhimmatlilik, sevgi va muhabbatga sodiqlik kabi chin insoniy axloqlar ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib qolgan muqaddas fazilatlardir. Shuning uchun ham O‘rta Osiyoda, jumladan, o‘zbek xalqining hayot tarzlarini aks ettirishda mardlik, jasurlik, kamtarlik, sevgiga sadoqat, do‘stlik va birodarlik, tinch-totuv yashash uchun kurash insoniy qadr-qimmat, halol va pok turmush, oilada poklik ulug‘langan.
Odamzod odobi, xulqi bilan “inson” degan sharafga loyiq bo‘lgan. Uning barcha sifatlari “odob” bilan fazilatlarga aylangan. Ba’zilarning nazdida arzimasdek tuyulgan kamchiliklar bartaraf etilmas ekan, bora-bora bu kichik ayb-u nuqsonlar katta halokatlarga olib keladi. Yoshlarning kiyinish madaniyatida ham keskin o‘zgarishlarni ko‘ramiz. Ayniqsa, talaba qizlarning kiyinishi bizni tashvishga soladi. Badanni siqib turuvchi tor shimu, tizzadan yuqori yubkalar! Moda ortidan quvib, qahraton chillada ham boshyalang yurishlar! Bahor oylarida qizlarimizning kiyimlari yanada yupqalashib, hammani o‘ziga mahliyo etadilar. Bu qizlarning bir so‘zli otalari, or-nomusi baland akalari bir-bir ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi.
Biz tarbiyachi-pedagoglar kiyinish odobi haqida turli munozarali suhbatlar, tushuntirish ishlari olib boramiz, lekin buning samarasini nihoyatda oz deb bilamiz, chunki oilada shakllangan kiyinish qoidalarini o‘zlari uchun eng to‘g‘ri deb hisoblaydigan yoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil qiladi. Unutmaylik, bugungi voyaga yetayotgan qiz ertaga bir oilaning bekasi, sog‘lom bolalarning sog‘lom onasi bo‘lishi kerak. Faslga mos kiyinmaslik, tor, badanini siqib turuvchi kiyimlar kiyish yoshlarning salomatligiga katta putur yetkazishi tibbiyot xodimlari tomonidan qayta-qayta ta’kidlanmoqda.
Insonning kiygan kiyimi orqali biz u haqidagi ilk taassurotlarga ega bo‘lamiz. Kiyinish odobi bilan atrofimizdagi voqea-hodisalarga o‘z munosabatimizni ifodalaymiz. Masalan, hasharga aytilgan joyga to‘yga yasangandek kiyinib borsak, hasharga kelganlarga xayrixoh emasligimizni bildiradi. Shunday ekan, ta’lim muassasalariga sodda, fasllarga mos, milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda kiyinib kelsak, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Demak, kiyinish ham inson ziynati hisoblanadi. GTS, GIM, QSXET fakulteti talaba qizlari faol qatnashishdi.
Tarbiyachi-pedagog, psixolog Dilorom Sagdullayeva axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov