Zamonaviy raqamli nivelirlar Leica Sprinter 250M qo‘llanilishi bo‘yicha trening mashg‘ulotlari
Yildan-yilga zamonaviy, dasturiy ta’minotli texnikalar rivojlanib bormoqda. Bu esa har bir sohaning rivojiga o‘zining hal qiluvchi hissasini qo‘shadi. So‘nggi yillarda yuqori aniqlikdagi nivelirlarning yangi turi – elektron raqamli nivelirlar amalda keng qo‘llanilmoqda. Bu esa shu soha mutaxassislari uchun ko‘plab qulayliklar yaratib berdi. An’anaviy nivelirlardan raqamli nivelirlar elektronika bilan jihozlanganligi va maxsus ish dasturlari bilan ta’minlanganligi bilan farq qiladi. Bu esa dala o‘lchash ishlarini va natijalarini ishlab chiqish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beradi.
2019 yil 10-11 dekabr kunlari Respublikamizning barcha viloyatlari irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari xodimlari va institutimiz professor-o‘qituvchilari uchun Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturi, “Texnik salohiyatni mustakamlash” loyihasi rahbari Ulugbek Islamov, Malika Ikramova va “Gidromelioratsiya” fakulteti dekani Alisher Fatxulloev tashabbusi bilan institumizning G-o‘quv binosi 4-ma’ruzalar zalida zamonaviy raqamli nivelirlardan (Leica Sprinter 250M) foydalanish, uni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha malaka oshirish kursi tashkil qilindi. Ushbu ikki kunlik kurs davomida havza boshqarmalari xodimlari va o‘qituvchilarga “Leica” kompaniyasi xodimi Rajeev Nayak raqamli nivelirlarni ishlatish va undagi imkoniyatlarni amalda qo‘llashni tushuntirib berdi. Kursning ikkinchi kuni tinglovchilar institutimiz xududida nivelirdan foydalanishni amalda o‘rgandi. Ular zamonaviy raqamli nivelirlardan foydalanish, o‘lchov ishlarining aniqligi va unga ketadigan vaqtning tejalishi hamda undagi imkoniyatlar yuqori ekanligiga amin bo‘lishdi. Ishtirokchilar mutaxassislar tomonidan berilgan ma’lumotlarini kurs yakunida muvaffaqiyatli tamomlaganliklari uchun loyiha rahbari Ulugbek Islamov va institutimiz rektori tomonidan sertifikatlar topshirildi.
“Gidrologiya va gidrogeologiya” kafedrasi assistenti S.R. Mansurov axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov