Yaxshi kishi ko‘rmag‘ay yomonlig‘ hargiz
2020 yilning 14 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasining katta zalida o‘zbek mumtoz adabiyotining vakili, buyuk shoir, tarixchi, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, Boburiylar sulolasi asoschisi Zahriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo Boburning tavallud topgan kuniga 537 yil to‘lishi munosabati bilan “Yaxshi kishi ko‘rmag‘ay yomonlig‘ hargiz” deb nomlangan adabiy-ma’rifiy kecha hamda “Bori elga yaxshilig‘ qilg‘il...” mavzusida kitob-rasmli ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar, jamoat arboblari, san’atshunoslar, adabiyot ixlosmandlari, harbiy xizmatchilar, ayni paytda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining talaba - yoshlari, yosh ijodkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan ushbu adabiy-ma’rifiy kechani filologiya fanlari nomzodi, dotsent, xalqaro toifadagi notiqlik bo‘yicha trener - Rahimboy Jumaniyozov olib bordi.
Dastavval, Bobur g‘azali asosida "IQTIDOR" videostudiyasi tomonidan iO‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbariyati tomonidan direktor o‘rinbosari Nasiba Xoldorovaga so‘z berildi.
Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos olim – Norqul Bekmirzaev “Boburning xalqimiz ma’naviy madaniyati tarixida tutgan o‘rni” mavzusida ma’ruza qildi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist - Gulbahor Erqulova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoirlardan - Zikrilla Ne’matov, Dilorom Murodova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist - Kursiya Esanova, O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan artist- Turg‘un Beknazarov, Xushovoz xonandalar - O‘lmas Olloberganov, Nargiza Azimova, maqom ijrochisi - Ozodbek Tillanazarov, taniqli aktrisa-Nazokat Narzieva hamda 98151-son harbiy qism komandir o‘rinbosari Axnazarov Abror Qodirqulovichlar qatnashdilar.
Tadbir davomida O‘zbek Milliy akademik drama teatri, “Diydor” va Muqimiy teatrlarining yetuk aktyorlari, Bobur hayoti va ijodi asosida sahnalashtirilgan spektakllardan lavhalar va she’riy chiqishlar namoyish etildi. El tanigan aktyorlar va hofizlar tomonidan Zahiriddin Muhammad Boburning g‘azallari, ruboyilari hamda ular asosida bastalangan qo‘shiqlar ijro etildi.
Shuningdek, ushbu tadbir g‘oyasini ifodalash va namoyon etishda yangicha innovatsion usullardan foydalangan holda, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari asosida yaratilgan dramatik asarlar, jarayonni ifodalovchi videoroliklar ko‘rsatildi. Ekranda milliy musiqa asarlari bilan birga notiq Rahimboy Jumaniyozov tomonidan o‘qilgan Bobur g‘azallari yangradi.
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijonda, Farg‘ona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga keldi. Bu davrda Markaziy Osiyo va Xurosonda turli hokimlar, aka-ukalar, tog‘a-jiyanlar, amakivachchalar o‘rtasida hokimiyat — ulug‘ bobolari Amir Temur tuzgan yirik davlatga egalik qilish uchun kurash nihoyat keskinlashgan edi.
Adabiyot, nafis san’at, tabiat go‘zalligiga yoshligidan mehr qo‘ygan Zahiriddin, barcha Temuriy shahzodalar kabi bu ilmlarning asosini otasi saroyida, yetuk ustozlar rahbarligida egalladi. Biroq uning betashvish yoshligi uzoqqa cho‘zilmadi. 1494 yili otadan yetim qoldi. 12 yoshida otasi o‘rniga Farg‘ona ulusining hokimi etib ko‘tarilgan Bobur qalamni qilichga almashtirib, Andijon taxti uchun ukasi Jahongir Mirzo, amakisi Sulton Ahmad Mirzo, tog‘asi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashishga majbur bo‘ladi.
Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lishi bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. U o‘zining keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo‘lsa, serjilo o‘zbek tilida yozilgan «Boburnoma» asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she’riyatining eng nodir durdonalari bo‘lib, «Mubayyin» («Bayon etilgan»), «Xatti Boburiy», «Harb ishi», Aruz haqidagi risolalari esa islom qonunshunosligi, she’riyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Boburning ulkan san’atkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga ko‘tara oladi va natijada, asarlarida olg‘a surilgan g‘oyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga ko‘tariladi. Bobur ijodida, xususan, she’riyatida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dil-dildan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yoru diyor sog‘inchi va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.
Hozirda uning 119 g‘azali, bir masnaviysi, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qit’alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham o‘rin olgan.
Tadbir ancha jonli tarzda o‘tdi va shu kunning o‘zidayoq "O‘zbekiston-24" informatsion dasturi orqali namoyish etilgan holda sharhlandi.
Bobur o‘zining ma’lum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida xalqimiz ma’naviy madaniyati tarixida munosib o‘rin egallagan shaxs ekanligini alohida qayd etmoq lozim.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov