Muzey - moziy ko‘zgusi
Tarix taqdirlardan tarkib topgan. Muzeylar eksponatlar, o‘tmishga guvoh bo‘lgan tilsiz turli uskuna va ashyolardan iborat. Aslida, ularning ham tili bor. Uni tushunadigan, idrok etadigan ustalari bo‘ladi. Shubhasizki, ko‘p yillar mobaynida institutimizda faoliyat yuritgan sobiq xodimimiz muzeyshunos Vasiliy Kuzmichning bu borada o‘z o‘rni va tajribasi bor. U muzey buyicha respublikadagi nodir mutaxassislardan biri sifatida keng jamoatchilikka yaxshi tanish. O‘z faoliyati davomida mamlakatimizning ko‘pgina muassasalarining muzeylarini tashkil etishda mehnati singgan. Jumladan, Termiz arxeologiya muzeyi, Sho‘rtangaz va Muborakgaz zavodlari muzeyi, Uzavtosanoat muzeyi, mamlakatimizning so‘lim go‘shasida joylashgan "Lochin" bolalar oromgohi muzeyi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kabi oliy ta’lim muassasalarining muzeylarini tashkil etishdagi faoliyati bunga yaqqol misoldir.
Rektorimizning tavsiyasiga muvofiq institutimizning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ro‘zimurot Choriev raisligida institut tarixida ko‘p yillik faoliyati bilan mehnati singgan, yoshi ulug‘ ustodlar ishtirokida maslahat kengashi bo‘lib o‘tdi. Yig‘inda institutimizning muzeyini takomillashtirishda nimalarga e’tibor berish kerakligi bo‘yicha o‘zaro fikr almashindi.
Vasiliy Kuzmich dastavval, muzeylarni shakllantirishda ko‘proq nimalarga e’tibor berish, yig‘ilgan ashyolarni, eksponatlarni qanday joylashtirish, tadrijiylik va sistemalilikka asoslanishning zarurligi borasida o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda turli tasvirlar orqali mulohazalarini bildirdi. Rasm, video va audiomateriallarning borlarini bir joyga jamlash, ularni ta’mirlash, yaroqlilik darajasini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Institut tarixiga oid hamma narsani joylashtirish, qalashtirish maqsadga muvofiq emasligini ta’kidlab tarixiylik tamoyiliga asoslangan holda, mohiyat kasb etuvchi eksponatlarni izchillik bilan joylashtirish zarurligini qayd etdi. Toshkent Iqtisodiyot universitetining muzeyi misolida ayrim mulohazalarni bildirib o‘tdi. TIQXMMIning muzeyini yaratilishida Alisher Navoiy asarlariga asoslangan holda Farhodning elga suv keltirishi bilan bog‘liq tasvirlarni qo‘yilishini ma’qul hisobladilar. Ochig‘ini aytish kerakki, bu fikr, g‘oya kaminaga ham ma’qul keldi. Ajdodlarimizning suvga munosabati qay yo‘sinda bo‘lgani, uni jilovlash, o‘z izmiga bo‘ysundirish harakatlari qanday oqibatlarga sabab bo‘lgani borasida tasavvur uyg‘otadi. Mustaqillik davrini alohida original rasmlar bilan yoritilishiga diqqatni qaratdi.O‘ng va chap tomon zallar o‘zaro uyg‘unlikda bir-birini to‘ldirishi, institut tarixi borasida yaxlit taassurot uyg‘otishi muhimligini e’tirof etdi.
Institut tarixiga doir qanday rasm, kitob va boshqa ashyolar kimda bo‘lsa, keltirishi, shu yo‘l bilan ularni to‘plash kerakligi ta’kidlandi va kelishib olindi.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov