Samarali boshqarish sharoit yaratishni talab etadi
Bugun 15-mart kuni Britaniya vaqti bilan soat 10.00.da, O‘zbekiston vaqti bilan soat 15.00.da "Oliy ta’limni samarali boshqarish uchun sharoit yaratish" mavzusida ZOOM platformasi orqali onlayn seminar tashkil etildi. Unda Respublika oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari va vazirlikning mas’ul mutasaddilari qatnashishdi. Jumladan, Respublika oliy ta’lim kengashining raisi, TIQXMMI rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevich ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Ular o‘z nutqida ta’lim tizimini keng isloh qilish, xalqarolashuv faoliyatini kengaytirish sohaning eng dolzarb masalalaridan biri ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, ijtimoiy hayotimizdan tortib xalq xo‘jaligining turli jabhalarigacha bo‘lgan jarayonni ilm-fanning rivojlanishisiz tasavvur qilib bo‘lmasligini davrning o‘zi ko‘rsatayotganligini e’tirof etib, quyidagilarni qayd etdilar. Ta’limning xalqaro standartlarga xos bo‘lgan uyg‘unlashuv orqali samarali boshqarish masalasi kun tartibiga qo‘yilgani rost.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish" konsepsiyasi ham xuddi shu maqsadlarni ifoda etishi jihatidan ham muhim va ahamiyatlidir. O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishdek qator vazifalar asosiy maqsadimiz sifatida e’tiborga molik.
Oliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishsiz maqsadga erishish mushkulligini uqtirdilar.
O‘.Umurzakov ma’ruza nihoyasida doimiy hamkor sifatida ishtirok etib kelayotgan Britaniya Kengashiga o‘z minnatdorchiligini bildira turib, oliy ta’limni samarali boshqarish uchun sharoit yaratish borasida o‘zaro hamkorlik ijobiy natijalar berishiga ishonch bildirib o‘tdilar.
TIQXMMI matbuot xizmati