Markaziy Aerogeodeziya korxonasiga tashrif
2019 yil 10-11 aprel kunlarida TIQXMMI harbiy kafedrasining 10,11 va 12 - guruh talabalari Markaziy Aerogeodeziya korxonasiga amaliyotda ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish maqsadida tashrif buyurishdi. Korxonaning elektron topografik kartalar tuzish bo‘limi boshlig‘i Minashkina N.A. talabalarni kutib olib korxona hududidagi xavfsizlik choralarini yetkazdi va tadbirni boshladi. Bo‘lim boshlig‘i Minashkina N.A. korxonaning ish faoliyati bilan talabalarni tanishtirib, hozirgi jarayonda korxonada 1:25 000 elektron topografik kartalarni yangilash ishlari bilan shug‘ullanishni ta’kidlab o‘tdi. Elektron xaritalarni tuzishda qo‘llaniladigan zamonaviy dasturlar (programmnoe obespecheniya) GIS «Panorama», Arc GIS va Auto CAD talabalarga katta qiziqish uyg‘otdi va ular yuqoridagi dasturlarni mukammal o‘rganishni o‘z oldilariga maqsad qilib olishdi.
Elektron topografik kartalarni yaratishda va ularni yangilashda qo‘llaniladigan kosmik suratlar talabalarga katta qiziqish uyg‘otdi, unda talabalar kartalarni yaratishdagi talablar, aniqliklar va kerakli topografik shartli belgilarga e’tiborni qaratishdi. Markaziy Aerogeodeziya korxonasiga mutaxasislari talabalarga elektron topografik kartalarni yaratish ikki bosqichdan iboratligini aytib berishdi: birinchi bosqich ishlari korxona hududida, xonalarda bajarilsa, ikkinchi bosqich esa joylarda, hududlarda zamonaviy topogeodezik asboblar yordamida bajarilishini so‘zlab berishdi. Har ikkala bosqichda ham mutaxassislardan yuqori aniqlikni va to‘g‘rilikni talab qiladi. Yaratiladigan elektron topografik kartalar hozirgi hududlarning holatini aniq va ko‘rgazmali qilib tasvirlashi kerakligini mutaxassislar ta’kidlab o‘tish bilan bir qatorda kartalarning maxfiyligiga ham e’tibor berishdi.
Talabalar korxonaning faoliyati va bajaradigan vazifalari bilan qisqacha tanishib o‘tganlaridan keyin savollar berishdi. Ularni qiziqtirgan savollardan biri shu korxonaga ishga kirish uchun mutaxasis qanaqa nazariy bilim va amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lishi kerak bo‘ldi. Talabalar berilgan savollarga to‘liq javoblar olishdi.
Keyingi tanishish joyi bu korxonaning ish jarayoni bo‘ldi, bu yerda talabalarga mutaxassislar tomonidan elektron topografik kartalarni yaratishni va yangilashni amaliy ko‘rsatib berishdi. Talabalar Markaziy Aerogeodeziya korxonasining boy tarixi bilan tanishish uchun shu korxonaning Muzeyiga taklif qilindi. Muzeyda o‘rnatilgan eski optik topogeodezik asboblar talabalarda katta taassurot qoldirdi, Muzeyda o‘rnatilgan asboblarning har biri o‘z davrida yuqori aniqlikdagi asboblar ekanligiga talabalar amin bo‘lishdi. Tashrifning yakunida TIQXMMI harbiy kafedrasi talabalari va korxonaning mutaxassislari bilan umumiy esdalik uchun rasmlarga tushishdi.
TIQXMMI harbiy kafedrasi hamda Markaziy Aerogeodeziya korxonasi talabalarni tanlagan kasblariga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish va shu yo‘lda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida doimiy hamkorlikni davom ettirishni o‘zlariga maqsad qilib olishdi. Tadbir oxirida Markaziy Aerogeodeziya korxonasi direktori Omonov Akmal Solijonovichga TIQXMMI harbiy kafedrasida harbiy tayyorgarlik bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar bilan o‘tkazilgan tadbirga amaliy yordam ko‘rsatib, talabalarda Vatan ravnaqi uchun faol bo‘lishga undaydigan o‘z kasbini mutaxassisi bo‘lgan yetuk kadrlar zaxirasini shakllantirishdek mas’uliyatli ishga hissa qo‘shganligi uchun TIQXMMI rektori, professor O‘. Umurzakov nomidan minnatdorchilik bildirib, muhrlangan tashakurnoma taqdim qilindi. O‘z navbatda Markaziy Aerogeodeziya korxonasi direktori Omonov A. TIQXMMIning faol, bilimli va izlanuvchan (4-5 nafar) talabalarini korxona hududida ish bilan ta’minlashga va’da qildi.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov