Jonajon maktab og‘ushida yoxud bag‘ishlov konsert dasturida
Ziyoli inson borki shunday holatga tushsa kerak. Uning o‘zi o‘qigan maktabni ko‘ziga cho‘g‘dek ko‘rinishiga va uni bolalik chog‘lari kechgan muqaddas manzilgohni entikish bilan eslashiga shubha yo‘q. Abdulla aka o‘qigan bir qavatli o‘rta maktab bog‘ to‘rida bo‘lib, uning bir muncha eskirgani yaqqol sezilib turibdi. Lekin u yerda yangi zamonaviy tarzda qurilgan ikki qavatli yangi maktab qad rostlagan. Maktabning ikkinchi qavatidagi muzey shoirning bolalik yillaridan tortib umrining oxirigacha bo‘lgan davrlardagi uchrashuv va muloqotlar, taniqli shaxslar bilan suhbat jarayonlari aks etgan rasm va polotnolardan, shuningdek, katta-kichik eksponatlardan tarkib topgan edi. Delegatsiyamiz a’zolari muzey bilan yaqindan tanisharkan shoir bilan ruhan, qalbdan gaplashgandek bo‘lishdi.
Shoirning o‘zi va ovozi yozilgan audio va videodarsliklar yanada kuchliroq ta’sir kuchiga ega bo‘lib u hech kimni befarq qoldirmasligi aniq. Keyin maktab o‘quvchilari ishtirokida qo‘shiq, raqs guldastasidan tuzilgan she’rxonlik va xotirotlar bilan muzayyan etilgan konsert dasturi barchada iliq taassurot uyg‘otdi. Tayanch institutimizning filialiga qaytib kelib tushlik qilingandan so‘ng keng bezatilgan katta sahnada har ikkala ta’lim muassasasining iqtidorli talabalari ishtirokida badiiy-adabiy dastur tashkil etildi. Dastavval, tayanch institutimiz, so‘ngra TIQXMMI talabalarining chiqishlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ayniqsa, “TARG’IBOT” guruhining ichakuzdi hangomalari tomoshabinlarga huzur bag‘ishladi.
Tadbir avvalida Tayanch institutimiz filiali direktori Muqimov Zarifjon Majlisovich Qarshi shahrining 2700 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan yodgorlik albom-kitoblaridan bir nechtasini taqdim etib o‘zining samimiy istaklarini bildirdi. Dastur tugagach, institutimizdan vakil bo‘lib borgan jamoa ichki turizmning amaldagi ifodasi o‘rnida “Sayf ul-haq” (Adolat qilichi) nomi bilan yuritilgan Abu Muin Nasafiy qadamjosiga borib ziyoratni bekamu ko‘st ado etishdi. Ertasiga tong mahali jamoamiz ko‘tarinki kayfiyat bilan “Nasaf-Toshkent” poyezdi orqali sog‘ - omon poytaxtga yetib kelishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati