Ro‘za tutish – tan - sihatlik garovi
Institut xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi moderatorligida ZOOM platformasi asosida faoliyat olib borayotgan ayol professor-o‘qituvchilar va talaba-qizlarni taklif qilgan holda “Ro‘za tutish – tan - sihatlik garovi” mavzusida vebinar tashkil etildi. Vebinarga institutning Buxoro va Qarshi filiallaridan ham xotin-qizlar qatnashdilar. Moderator Z.Ismailova barcha qatnashuvchilarni muqaddas Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan tabriklagan holda, bu oy o‘zi bilan tinchlik, xotirjamlik, qut-baraka, fayz va go‘zallik olib kelishini ta’kidlab o‘tdi. Bu oyda Ramozon ro‘zasini tutishning ham bir qancha qoidalari borki, uni ado etish barobarida savob va yaxshilik olinsa, ikkinchidan Muqaddas oyning hurmati ham joyiga qo‘yiladi deb o‘z fikrini aytib o‘tdi. Ramazon oyida ro‘za tutish qoidalari, Ro‘zaning darajalari, Ro‘zaning shartlari, Ro‘zaning turlari, Ro‘za tutish tan - sihatlik garovi kabi masalalarda “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasi rahbari, institut matbuot kotibi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Raximboy Jumaniyozov tomonidan vebinar suhbat tashkil etildi.
Aynan bunday vebinarlar Ramazon oyi boshlanishida o‘tkazilishi, bu borada ko‘proq qizlar, ayol professor-o‘qituvchilarni jalb qilinganligi, ayollarimiz tomonidan ayniqsa, iftorliklarga tayyorgarlik masalalariga e’tiborni qaratish va isrofgarchilikka qarshi masalaga ahamiyat berish, muomala madaniyatiga, do‘stona munosabatga, oilada va institutda bir-birlariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lish kabi masalalarda ular bilan suhbat tashkil etishdan iboratdir. Raximboy Jumaniyozov tomonidan shunday fikrlar ham o‘rtaga tashlandi. Muqaddas oyda nafsni yomon niyatlardan to‘xtatish, foydasiz va uyatsiz so‘zlarni gapirishdan va eshitishdan o‘zini saqlash, birov bilan urishishdan, har qanday gunoh ishlardan o‘zini tortish, shu bilan birga, hulqni yanada yuksaltirib, ayollar va qizlarni millatimizga yot bo‘lgan holatda kiyinib yurishidan qaytarishimiz lozimdir.
Vaholanki, bunday suhbatlardan so‘ng ishtirok etayotgan qatnashuvchilar tomonidan savol - javoblar va fikrlar bildirildi. Berilgan savollarga R. Jumaniyozov va Z. Ismailovalar tomonidan javoblar yetarlicha olindi. Ramazon oyini chiroyli xulq, odob-ahloq qoidalariga va shu bilan birga institutning ichki tartib qoidalariga amal qilgan holda o‘tkazish har bir professor - o‘qituvchilar va xodimlarni, shu bilan birga talabalarimizning vazifalaridan biri deb bilamiz. Bu borada yana suhbatlar olib borish takliflari tushdi. Keyingi suhbatlarimizni mavzularini tanlagan holda yana davom ettirish maqsadga muvofiqdir.
TIQXMMI matbuot xizmati