Ilmiy tadqiqot natijalarini xorijda chop ettirish tajribasi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari institutida olib borilayotgan ko‘plab say’-harakatlar natijasi o‘laroq, xalqaro e’tirof etilgan ilmiy-texnik elektron bazalardagi ilmiy jurnallarda o‘zlarining ilmiy ishlarini ko‘rishni istagan yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar va doktorantlar uchun Elsevier kompaniyasining Markaziy Osiyodagi direktori Aliya Ospanova hamda kompaniyaning O‘zbekistondagi koordinatori Dilnoza Allanazarova ishtirokida joriy yilning 13 oktyabr kuni seminar-trening tashkil etildi. 
Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori T.Sultanov seminar-trening tadbiridan ko‘zlangan asosiy maqsad, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Elsevier kompaniyasi bilan tuzilgan “Ilm-fan - 2020” loyihasi doirasida Scopus hamda ScienceDirect ilmiy texnik elektron bazalaridan samarali foydalanish, hozirgi kunda respublikamizda bu ko‘rsatkichning oshib borayotganligi haqida ma’lumot berish bilan birga institutning xalqaro e’tirof etilgan jahon reytingida munosib ishtirok etishda olimlarning ilmiy tadqiqot ishlarining natijalari alohida o‘rin egallashi to‘g‘risida tushunchalar berdi. Shundan keyin ishtirokchilarga “Impakt faktorga ega bo‘lgan ilmiy jurnallarning talablari va ilmiy maqolalarning yozilish tartiblari” to‘g‘risida taqdimot uchun Elsevier kompaniyasining Markaziy Osiyodagi direktori Aliya Ospanovaga so‘z berildi. 

  


Taqdimotda Elsevier kompaniyasi va uning faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tar ekan, oliy toifali mehmon, tadbir qatnashchilarining mazkur ma’lumotlar bazalaridan xabardor ekanligidan mamnunligini yashirib o‘tirmadi. Taqdimot davomida Scopus hamda ScienceDirect ma’lumotlar bazalaridan o‘rin olgan jurnallarning barchasi yuqori impakt faktorga egaligi hamda ularda ilmiy maqolalarni chop etish to‘lovlarsiz ekanligi, har bir jurnalning maqola yozishda kerak bo‘ladigan o‘z talabi borligi va ushbu talablar asosida yozilgan ilmiy ish mazkur ma’lumotlar bazasidan albatta joy olishi haqida misollar asosida taqdimot qilindi. 
Shu bilan birga, taqdimotga tashrif buyurgan qatnashchilarga Elsevier kompaniyasining yana bir mahsuloti “Mendeley” haqida ham tanishtirildi. Maqola yozishda jahonda o‘z nufuziga ega bo‘lgan Mendeley bibliografiyasiing o‘rni katta ekanligi va talab doirasida rasmiylashtiriladigan barcha maqolalar Scopus ma’lumotlar bazasidan o‘rin olishiga ishonch bildirdi. O‘z so‘zini yakunlar ekan, Aliya Ospanova Scopus hamda ScienceDirect ilmiy texnik elektron bazalaridan foydalanish bo‘yicha institutning olimlari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. 

  


Tadbir ishtirokchilarda juda katta qiziqish uyg‘otdi va kutilganidek taqdimot yuzasidan ko‘plab savollar berildi hamda mutaxassis tomonidan aniq va ravshan javoblar qaytarildi. Tadbir yakunida, institut rahbariyati va seminar ishtirokchilari tomonidan mutaxassislar Aliya Ospanova hamda Dilnoza Allanazarovalarga minnatdorchiliklar bildirdi va kelajakda ilmiy salohiyatini yanada ko‘tarilishi va mamlakatimiz Oliy ta’lim muassasalarining jahonda o‘z mavqelarini oshirish yo‘lidagi xizmatlariga omad va zafarlar tiladi. 


Institut xalqaro reytingini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i G‘iyosiddin G‘oziyev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov