Xalqaro konferensiyaga start berildi

Bugun 14-oktabr kuni institutimizning muhtasham Madaniyat saroyida Polshaning “Krakov texnologiya universiteti”, Turkiya davlatining “Karabuk” universiteti, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Guliston Davlat Universitetlari bilan hamkorlikda ikkinchi bor tashkil etilgan “2nd International Conference on Energetics, Civil and Agricultural Engineering” nomli xalqaro Konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.  Konferensiyaning asosiy maqsadi energetika, qurilish va qishloq xo‘jaligiga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish bilan bir qatorda rivojlanayotgan texnologiyalar va ilmiy xulosalarni hamkorlikda o‘rganish, turli sohalardagi olimlar, tadqiqotchilar, muhandislar, talabalar hamda mutaxassislarni birlashtirish, yuqori malakali va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda xorijning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikni mustahkamlash hisoblanadi. Bundan tashqari konferensiya davomida muhokamadan o‘tgan ilmiy maqolalarning barchasi Scopus va Web of Science xalqaro bazalar ro‘yxatidagi nufuzli ilmiy-texnik jurnallarda chop etiladi.

Konferensiyani institutimiz Birinchi prorektori prof. B.S.Mirzayev Kirish so‘zi bilan ochib berdi va barcha qatnashuvchilarga keyingi ilmiy tadqiqot ishlarida omad tiladi. Shundan so‘ng O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori prof. A.X.Xamzayev, Guliston Davlat Universiteti rektori prof. M.T.Xodjiyev va Zoom platformasi orqali onlayn tarzda Polshaning “Krakov texnologiya universiteti” rektori prof. Andrey Białkievich hamda Turkiya davlatining “Karabuk” universiteti vice rektori prof. Mustafa Yasharlar ham konferensiya qatnashuvchilariga o‘zlarining tabrik so‘zlarini yo‘llashdi. Bundan tashqari ochilish marosimida faxriy mehmon sifatida taklif etilgan Daniyaning Aalborg universiteti professori prof. Josep M. Guerrero, AQSHning Virdjiniya ilg‘or tadqiqotlar texnologiya instituti direktori prof. Saifur Rahman va AQSHning Illinoiz texnologiya instituti professori prof. Mohammad Shahidehpourlar Zoom platformasi orqali onlayn tarzda o‘zlarining nutqlari bilan ishtirok etishdi. E’tiborli jihati, Konferensiyaning ochilish marosimi bevosita OAVda yoritib borildi.

Ochilish marosimi tugagandan so‘ng barcha mehmonlar va konferensiya qatnashuvchilariga institut oshxonasida tushlik tashkil etildi. Tushlikdan so‘ng konferensiyaning ikkinchi qismi Zoom platformasi orqali onlayn tashkil etildi. Konferensiyaning ikkinchi kuni ya’ni 15-oktyabrda seksiyalarga bo‘lingan holda Zoom platformasi orqali onlayn davom ettiriladi.

 

 

 

Axborot beruvchi ET va QTEM kafedrasi tayanch doktoranti N.Abdug‘aniyev

TIQXMMI matbuot xizmati