Yuksalish vatanparvarlikdan boshlanadi

Davlatning qudratini belgilaydigan omillardan biri uning harbiy kuchi va texnikasi bo‘lsa, ikkinchi omil uni ishlata oladigan, uquvli, qobiliyatli va bilimga ega bo‘lgan avlodning mavjudligidir. Har bir texnikaning mohiyatini bilish, xarakteristika bilan tanishish o‘z yo‘liga. Muayyan harbiy texnikaga daxldor ta’rif va tavsiflar haqida bilimga ega bo‘lish mumkin, lekin uni ishlatish uquviga ega bo‘linmasa, bu harakat mantiqsiz va mohiyatga ega bo‘lmaydi.

2020 yil 14 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-5529-son farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida Respublikamizning turli viloyat, tuman va shaharlarida "Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati" mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkillashtirilgani sir emas.

Ana shu maqsadda TIQXMMI ning ichki hovlisida O‘zbekiston Qurolli kuchlarining deyarlik barcha texnikalaridan namunalar keltirildi. Ertalabdan talaba va professor o‘qituvchilar harbiy texnikani o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, qo‘li bilan ushlash asnosida harbiy mutaxassislardan qiziqib ma’lumotlar ola boshlashdi. Hatto, harbiy mashinalarni ustiga chiqib, ichiga kirib boshqarish texnologiyasi bilan qiziqdilar. Harbiy texnikamizni hayratomiz nazar bilan kuzatib turgan talabalarda o‘z vataniga bo‘lgan muhabbat va faxr hissi ustun bo‘lgani rost. Ayni paytda uni qo‘riqlash, zarur paytda o‘z yurti uchun qilich bo‘lish, qalqon bo‘lish tuyg‘usi qalblariga ko‘chgan bo‘lsa ham ajab emas. Talabalarning ayrimlari harbiy texnika va mashinalarga daxldor texnik xarakteristika bilan tanishar va o‘sha atrofda bo‘lgan harbiy mutaxassislarga savollar berib qoniqarli javoblar olishardi.

Talabalar yengil zirhlangan avtomobil o‘qotar qurollar, mina fugasi va boshqa qo‘l kuzatib borish patrullik xizmatini olib borish, shaxsiy tarkibni tashish va boshqa jangovar maxsus vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan 15 tonna og‘irlikdagi, uzunligi 6370mm, balandligi 2843mm bo‘lgan TAYFUN K - 53949 ning yonida galma-gal suratga tushib zavqlanishdi. Hamma turdagi yo‘llarda va yo‘lsiz joylarda yuklarni tashish va pritseplarni tortishga mo‘ljallangan, avtomobil platformasi odamlarni tashishga ham moslashtirilgan bo‘lib u hamma iqlim sharoitida, jumladan, tropik iqlimlarda, yilning har qanday sharoitida-40dan +55 S haroratda foydalanishga yaroqli bo‘lgan KAMAZ-43118 avtomobil yonida, g‘ildirakli, suzadigan VTR-80 zirhli transportyori ustida rasmga tushishni ham talabalar yodidan chiqazishmadi. 60mm RR-93 minamyoti silliq stvolli qurol dushmanni yopiq joyda, balandlik orqa tomonida, o‘rmonlardagi pana joylarda kuch va o‘t ochish vositalarini shikastlantirishga mo‘ljallanganini ham bilib olishdi.

Institutimiz asosiy binosining old tomonidagi maydonchada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Milliy gvardiya tizimidagi xizmat xodimlarining jangovar tayyorgarlik mashqlari namoyish etildi. Maxsus mototsiklchilar va otliq askarlarning zotdor, jangovar otlar ustida savlat to‘kib turishi kimni quvontirmaydi, kimni faxrlantirmaydi, deysiz.Talabalar o‘zlarida faxr-iftixor tuyg‘ularini tuygani ularning yuz-ko‘zlarida balqib turgani rost. Tushdan keyin tadbirning ikkinchi qismi boshlandi. Institutning muhtasham, zamonaviy tarzda ta’mirlangan zalga nufuzli mehmonlar, urush va mehnat faxriylari taklif etildi.

Ishtirokchilarni institut rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardaevich o‘zlarining tabrik nutqlari bilan tadbirni ochib berdilar. So‘ngra bir guruh faxriylar va harbiy kafedra o‘qituvchilari institut rektorining maxsus farmoyishiga muvofiq esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi. Keyin esa faxriylar kengashining rahbarlaridan biri Rustam Sultonovga so‘z berildi. Ular barcha vatan himoyachilarini samimiy muborakbod etdilar. Ayniqsa, general Abdullajon Artiqboevning to‘lqinlanib ketgan holda, 95 yoshni qarshilayotgan urush faxriysining mikrofon qarshisiga borib bildirgan tabrigi duo o‘rnida xosiyatli bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.So‘ngra taniqli san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

 


Tadbir yakunida Milliy gvardiya harbiy qism boshlig‘i o‘rinbosari Umid Hasanov tadbirni tashkil etishdagi ko‘magi uchun institutimiz rektoriga samimiy minnatdorchiligini bildira turib Tashakkurnoma taqdim etdi. Shuni alohida e’tirof etish joizki, bu yilgi bayram tadbirida yoshlar bo‘yicha prorektorning tashabbuskorligi, yangicha uslubda yondashganligi yaqqol sezilib turdi.

 

 

 

 

  

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov